Toshkentda avtomatik havo monitoringi stansiyalari ishga tushirildi

Toshkent shahrining Yashnobod va Olmazor tumanlarida ekologik monitoringni yaxshilash maqsadida ikkita avtomatik havo monitoringi stansiyasi o‘rnatildi. Bu haqda Ekologiya vazirligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, ushbu loyiha Ekologiya vazirligi va «Zamin» xalqaro jamoat fondi tomonidan amalga oshirildi.

Yangi stansiyalar havo sifatini yuqori aniqlikda o‘lchash imkonini beruvchi zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan. Ular turli hududlardagi ifloslanish darajasini kuzatib borishga yordam beradi. Stansiyalar joylashuvi aholi zichligi, transport harakati va ekologik ahamiyatga ega hududlar kabi omillar asosida tanlangan.

Mutaxassislar ushbu stansiyalar orqali olingan ma’lumotlarni tahlil qilib, atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Shuningdek, Gidrometeorologiya agentligi xodimlari stansiyalar bilan ishlash va ma’lumotlarni qayta ishlash bo‘yicha doimiy ravishda o‘qitilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston ekologiya sohasidagi xalqaro hamkorlikni kuchaytirish maqsadida Orxus konvensiyasiga rasman qo‘shilgan edi.