
AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya va Ukraina o‘rtasida sulhga erishish bo‘yicha muzokaralar boshlanganini tasdiqladi. Bu haqda Deutsche Welle nashri ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Amerika vakillari Moskvaga maslahat uchun allaqachon yo‘l olgan. Tramp bu jarayondan umidvor ekanligini bildirgan holda agar sulh tuzilmasa, Rossiyaga nisbatan qattiq iqtisodiy bosim o‘tkazilishini istamasligini ta’kidladi.
12-mart kuni Vashingtonda Irlandiya bosh vaziri Maykl Martin bilan uchrashuvi chog‘ida Tramp jurnalistlarga Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lishiga umid qilayotganini bildirdi. AQSh rahbari agar bu amalga oshsa, Moskvaga nisbatan moliyaviy jihatdan og‘ir sanksiyalar joriy etishdan qochishini ta’kidladi.
«Moliyaviy jihatdan juda yomon bo‘ladigan ishlarni qilishim mumkin, lekin men tinchlikni xohlayman», – dedi u.
AQSh vitse-prezidenti esa AQSh va Rossiya vakillari o‘rtasida faol muzokaralar olib borilayotganini tasdiqladi. U Ukraina bilan erishilgan dastlabki kelishuvlarni ijobiy baholab, Rossiyani sulhga rozi qilish mumkinligini ta’kidladi.
«Biz juda yaxshi holatdamiz. Ukrainaliklar sulhga rozi bo‘lishdi, endi Rossiya bunga rozi bo‘ladimi yoki yo‘q – buni ko‘ramiz», – dedi u.
Tramp ma’muriyati tashabbusi bilan Saudiya Arabistonining Jidda shahrida AQSh va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv natijasida tomonlar 30 kunlik vaqtinchalik sulh haqida kelishib oldi. Biroq bu sulh faqat Rossiya ham bunga rozi bo‘lsa kuchga kiradi.
Bundan tashqari, harbiy asirlarni almashish va Ukrainaning mineral-xomashyo resurslarini AQSh bilan birgalikda o‘zlashtirish bo‘yicha shartnoma tuzish masalalari ham muhokama qilindi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘z mamlakati bunday qadam tashlashga tayyor ekanligini bildirdi.
«Qo‘shma Shtatlar Rossiyani ishontirishi kerak. Biz rozi bo‘lamiz, agar ruslar ham rozi bo‘lsa», – dedi u.
Shu kuni AQSh Kiyevga harbiy yordamni zudlik bilan tiklashga qaror qildi, jumladan, razvedka ma’lumotlarini taqdim etish va yangi harbiy texnikalar yetkazib berish bo‘yicha qarorlar qabul qilindi.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa 12-mart kuni Rossiya sulh taklifiga qanday javob berishi borasida izoh berishdan tiyildi. Shu bilan birga, AQSh Senati Moskva sulhni qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortsa, yangi sanksiyalar bilan tahdid qilganini e’lon qildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tramp Ilon Maskni qo‘llab-quvvatlash uchun Tesla xarid qilgani haqida xabar qilgan edi.