2024-yilda ipoteka kreditlarini berish o‘tgan yilga nisbatan 50 foizga kamaygan – ITIM

2024-yilda O‘zbekistonda uy-joy qurilishi sur’ati sezilarli darajada oshdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlilida keltirib o‘tilgan.
Uy-joy bozoridagi umumiy vaziyat
2010 – 2016-yillarda qurilgan kvartiralar soni 400 ming donani tashkil etgan bo‘lsa, 2017-yildan boshlab bu ko‘rsatkich 1,65 mlnga yetdi. 2024-yilda esa 100 mingdan ortiq yangi xonadonlar qurilib, respublikadagi umumiy turarjoy fondi 7,6 mlntaga yetdi.
2012 – 2017-yillarda esa har yili o‘rtacha 11 mln kvadrat metr uy-joy foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, 2018 – 2023-yillarda mazkur ko‘rsatkich 14 mln kvadrat metrni tashkil etgan. Natijada aholini uy-joy bilan ta’minlash darajasi 2017-yildagi 15,7 kvadrat metrdan 2024-yilda 19 kvadrat metrga ko‘tarildi.
O‘tgan yilda rasmiy ro‘yxatga olingan uy-joy oldi-sotdi bitimlari soni o‘tgan yilga nisbatan 5,8 foizga kamayib, jami 256,6 ming donani tashkil etdi. Bitimlardagi pasayish 2024-yilning fevral – sentabr oylarida kuzatilib, yil oxiriga kelgach ko‘rsatkich yana oshishni boshladi.
Uy-joy bozoridagi talabni qo‘llab-quvvatlashda ipoteka kreditlari ham muhim rol o‘ynaydi. 2017 – 2024-yillarda ipoteka kreditlash hajmi 4,3 baravarga, kreditlar qoldig‘i esa 7 baravarga oshdi. Ammo 2023–2024-yillarda ipoteka kreditlarining o‘sish sur’ati sekinlashdi: 2022-yilda 47 foizga oshgan bo‘lsa, 2023-yilda 12 foiz, 2024-yilda esa bor-yo‘g‘i 6 foiz o‘sdi.

Shuningdek, 2019 – 2022-yillarda ipoteka kreditlarining 80 foizi birlamchi uy-joy bozoriga yo‘naltirilgan bo‘lsa, 2023 – 2024-yillarda bu ko‘rsatkich 60 foizgacha pasaydi.
2025-yilga prognozlar
Kelasi yilda ham uy-joy bozorini qo‘llab-quvvatlash ishlari davom etadi. 2025-yilda 120 ming xonadonli ko‘p qavatli uylar qurilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, uy-joy dasturlarini moliyalashtirish uchun davlat budjetidan 15,5 trln so‘m ajratilishi, banklar tomonidan esa qo‘shimcha 10 trln so‘m yo‘naltirilishi kutilmoqda.
Uy-joy narxlari o‘sishi sekinlashmoqda
2022 – 2024-yillarda uy-joy narxlarining o‘sish sur’ati sezilarli darajada pasaygan. Agar 2022-yilda respublika bo‘ylab uy-joy narxlari o‘rtacha 23,6 foizga oshgan bo‘lsa, 2024-yilda bu ko‘rsatkich 6,2 foizni tashkil etdi.

Hududlar bo‘yicha uy-joy narxlari eng yuqori darajada o‘sayotgan hududlar:
- Toshkent viloyati – 67%;
- Buxoro viloyati – 65%;
- Surxondaryo viloyati – 54%;
- Xorazm viloyati – 52%.
Boshqa viloyatlarda esa uy-joy narxlari nisbatan barqaror o‘smoqda.
2022-yildan boshlab Toshkent shahrida ijara narxlarining o‘sish sur’ati pasaygan. 2024-yil dekabr oyiga kelib, ijara narxlari o‘tgan yilga nisbatan 11,5 foizga kamayib, o‘rtacha $8,2 ni tashkil etdi. Bu esa uy-joy bozorida talab va taklif muvozanatlashayotganidan darak beradi.
O‘zbekiston uy-joy bozori so‘nggi yillarda sezilarli o‘zgarishlarga duch keldi. Qurilish hajmi oshib, ipoteka kreditlari hajmi sezilarli darajada ko‘paydi. Biroq 2023 – 2024-yillarda uy-joy narxlarining o‘sish sur’ati pasaydi, ipoteka kreditlari hajmi esa barqarorlashdi. 2025-yilda esa uy-joy bozorida muhim o‘zgarishlar kutilmoqda, xususan, yangi qurilish loyihalari va kreditlash imkoniyatlari orqali talab va taklif muvozanatini saqlashga e’tibor qaratiladi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozoridagi faollik tiklanayotganini haqida yozgandi.