Avtomobil sanoatidagi uchta yirik korxonaning davlat ulushi savdoga qo‘yildi

O‘zbekiston Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xususiylashtirish dasturi doirasida avtomobil sanoatiga oid uchta yirik korxonadagi davlat ulushlarini ochiq savdoga chiqarayotganini e’lon qildi.
Investorlar uchun «Uzsungwoo» MChJ ustav kapitalidagi 50 foiz, «Avto Climate Control» MChJ ustav kapitalidagi 100 foiz hamda «Uz truck and Bus Motors» MChJ ustav kapitalidagi 34,2 foiz davlat ulushlari taklif qilinmoqda.
Ushbu savdo jarayonlari barcha manfaatdor tomonlar uchun ochiq bo‘lib, ikki bosqichda amalga oshiriladi. Dastlab xaridorlar o‘z qiziqishlarini bildirishi kerak, keyin esa majburiyatga ega bo‘lgan taklif bosqichida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
«Uzsungwoo» MChJ 2011-yilda tashkil etilgan bo‘lib, avtomobil sanoati uchun shtamplash va payvandlash texnologiyalari asosida metall qismlar ishlab chiqaruvchi yetakchi korxonalardan biri hisoblanadi. Zavod yillik 120 ming to‘plam ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lib, Chevrolet Cobalt, Gentra, Tracker va Onix modellari uchun ehtiyot qismlar yetkazib beradi. Korxona xalqaro IATF 16949 sifat standartlariga muvofiq ishlab chiqarish jarayonlarini yo‘lga qo‘ygan. Uning ustav fondi $14 mlnni tashkil etadi.
«Avto Climate Control» MChJ 2010-yilda tashkil topgan bo‘lib, avtomobillar uchun isitish va sovitish tizimlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan. Ustav fondi 12,6 mlrd so‘mni tashkil etadi.
«Uz truck and Bus Motors» MChJ 2009-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Markaziy Osiyo mintaqasida MAN va HOWO yuk mashinalari va yo‘lovchi texnikasini ishlab chiqaruvchi yirik korxona hisoblanadi. Zavod 60 dan ortiq turdagi transport vositalarini ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘lib, ushbu toifadagi texnika orasida tyagachlar, avtosamosvallar, furgonlar, maxsus texnikalar, yuk ko‘tarish quvvati 5 tonnadan 70 tonnagacha bo‘lgan yuk mashinalari hamda shahar va shaharlararo avtobuslar mavjud. Uning ustav fondi 32,8 mln yevroga teng.
Savdo jarayoni ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda investorlar o‘z qiziqishlarini bildirgan holda tegishli hujjatlarni taqdim etishlari lozim. Ikkinchi bosqichda esa majburiyatga ega bo‘lgan takliflar qabul qilinadi va eng yuqori narx taklif qilgan talabgor bilan bitim imzolanadi. Investorlarning moliyaviy resurslarining yetarliligi, sanksiyalar ro‘yxatida yo‘qligi hamda shaffof kelib chiqish mezonlariga mos kelishi muhim talablardan biri hisoblanadi.
Xususiylashtirish jarayoni doirasida «Uzsungwoo» va «Avto Climate Control» korxonalarini sotib oluvchi investorlar o‘z zimmasiga bir qator majburiyatlarni oladi. Xususan, korxonalarning asosiy faoliyat turini kamida 10 yil davomida saqlab qolish, 2 yil mobaynida ish o‘rinlarini va ishchilar sonini qisqartirmaslik, mavjud ish haqi fondini kamaytirmaslik va jamoa shartnomasini yomonlashtirmaslik shartlari qo‘yilgan. Bundan tashqari, investorlar General Motors kompaniyasi tomonidan belgilangan texnologik va yetkazib berish shartlariga qat’iy rioya qilishlari lozim.
Investorlar o‘z qiziqish bildirish to‘g‘risidagi arizalarini 2025-yil 15-aprel, soat 23:59 (Toshkent vaqti bilan) gacha taqdim etishlari zarur. Arizalarni topshirgan ishtirokchilar keyingi bosqichga o‘tish jarayoni haqida individual ravishda xabardor qilinadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan davlat o‘zining yirik ikkita aktivini 216 mlrd so‘mga sotgani haqida xabar bergan edi.