Jahonda oltin narxi $3 mingdan oshdi, O‘zbekistonda-chi

14-mart kuni oltin narxi yangi tarixiy cho‘qqiga ko‘tarilib, bir troya unsiyasi uchun $3 013,90 ni tashkil etdi. Bu haqda Apmex nashri xabar berdi.

Oltin narxi ko‘plab omillarga bog‘liq holda o‘zgarib turadi. Global iqtisodiy sharoitlar, geosiyosiy vaziyatlar, inflyatsiya darajasi va valyuta kurslaridagi o‘zgarishlar oltin narxiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, iqtisodiy noaniqlik davrlarida investorlar xavfsiz aktiv sifatida oltinga murojaat qilishadi, bu esa uning narxining oshishiga olib keladi.
Oltin narxining oshishi nafaqat xalqaro bozorda, balki O‘zbekistonda ham sezilmoqda. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, bugun bir gramm oltin narxi 1 mln 272 ming 440 so‘mni tashkil etdi. 20-fevraldagi rekordga nisbatan qimmatbaho metall narxi 0,6 foizga oshgan.
Oltin quymalar narxi grammlar bo‘yicha quyidagicha:
- 5 grammli oltin quyma – 6 mln 362 ming so‘m;
- 10 grammli oltin quyma – 12 mln 724 ming so‘m;
- 20 grammli oltin quyma – 25 mln 449 ming so‘m;
- 50 grammli oltin quyma – 63 mln 622 ming so‘m;
- 100 grammli oltin quyma – 127 mln 224 ming so‘m.
Avstraliyaning Macquarie Group investitsiya banki joriy yilning uchinchi choragida oltinning narxi bir troya unsiyasi $3,5 mingga yetishi taxmin qilgandi.
Bank tahlilchilarining ta’kidlashicha, oltin bu yil beqaror geosiyosiy vaziyat va AQSh prezidenti Donald Trampning tarif siyosati tufayli 12 foizga oʻsgan.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari rekord darajaga yetgani haqida yozgandi.