Avto

Lamborghini ilk elektromobilini 2029-yilda chiqarishni rejalashtirmoqda

Narxi $300 ming atrofida
Lamborghini, narxi
Lamborghini ilk elektromobilini 2029-yilda chiqarmoqchi / Foto: Lamborghini

Lamborghini kompaniyasi taxminiy narxi $300 ming bo‘lgan o‘zining birinchi elektromobilini 2029-yilda chiqarishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda AvtoMailru xabar berdi.

Volkswagen Group bosh direktori Oliver Blumning so‘zlariga ko‘ra, ushbu model 2000 ot kuchiga ega bo‘lib, Bugatti Tourbillon (1800 ot kuchi) va Rimac Nevera (1914 ot kuchi) kabi superkarlarni ortda qoldiradi.

Yangi elektromobil Volkswagen Group tarkibidagi Porsche muhandislari tomonidan ishlab chiqilayotgan ilg‘or elektr platformaga asoslanadi. U 980 voltli elektr tizimidan foydalanadi, bu esa avvalgi 800 va 400 voltli tizimlarga nisbatan sezilarli texnologik yuksalish hisoblanadi. Bu yangilik avtomobilning quvvat sarfini optimallashtirish va energiya rekuperatsiyasini yaxshilash imkonini beradi.

Lamborghini Lanzador nomi bilan tanilgan konsept modeli 2023-yilda taqdim etilgan bo‘lib, ikkita elektromotorga ega va 1341 ot kuchini taqdim etgan. Yangi modelda kuchaytirilgan elektr tizimi tufayli qo‘shimcha dvigatellar ham qo‘shilishi mumkin.

Kelajakda elektromobilning taxminiy narxi $300 ming atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan BMW 5-Series va i5 tez orada restaylingga uchragani haqida yozgandi.