
Chevrolet Tracker krossoverining Yevrosiyodagi asosiy ishlab chiqaruvchisi sifatida O‘zbekistonni tanladi. Bu haqda Avtopotok nashri ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, mamlakatda ushbu modelning ishlab chiqarilishi allaqachon yo‘lga qo‘yilib, mahalliylashtirish darajasi 50 foizga yetdi.
Xitoyda esa ushbu modelga bo‘lgan talabning pasayishi sababli ishlab chiqarish to‘xtatilmoqda. Avval Tracker SAIC-GM Norsom zavodida yig‘ilar edi, biroq kompaniyaning boshqa bozor segmentlariga e’tibor qaratishi sababli zavod yopildi.
Shuningdek, General Motors Xitoydagi qayta tuzilish doirasida Shenyang shahridagi zavodini yopishini ham e’lon qilgan edi. Bu zavod Buick GL8 minivenlari va Chevrolet Tracker krossoverlarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullangan.
Bundan tashqari, Chevrolet Tracker faqat Yevrosiyoda emas, balki Lotin Amerikasida ham ishlab chiqarilmoqda. Modelning yig‘ilishi Braziliya va Argentinadagi zavodlarda davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chevrolet Tracker Rossiyada qancha turishi haqida yozgan edik.