Prezident Rossiya Davlat Dumasi bilan mehnat migratsiyasi masalasini muhokama qildi

Shavkat Mirziyoyev Rossiya Davlat Dumasi raisi Vyacheslav Volodinni qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik va parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama etildi.
Mirziyoyevga Rossiya prezidenti Vladimir Putinning salomi va ezgu tilaklari yetkazildi. O‘tgan yilgi oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarning ijrosini nazorat qilish uchun parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, parlamentlar savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy loyihalar, mehnat migratsiyasi hamda madaniy-gumanitar almashinuv borasidagi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashi lozimligi qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Davlat Dumasi raisi IT Park’ni yuqori baholagan edi.