Yangiliklar

Talabalarga grantlarni qayta taqsimlash tartibi belgilandi

Bu haqda Hukumat qarori qabul qilindi
grantlar
Talabalarga grantlarni qayta taqsimlash tartibi belgilandi / Foto: leadership.ng

10-mart kuni Oliy ta’lim tashkilotlarida grantlarni taqdim etish va qayta taqsimlash tartibi belgilandi. Bu haqda O‘zbekiston milliy axborot agentligi xabar berdi.

Yangi nizomga ko‘ra, ta’lim grantiga talabgorlarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichi (GPA bali) kamida 3,5 va undan yuqori bo‘lishi talab etiladi. Ushbu mezonga javob bermagan talabalar grant ajratish jarayonida ishtirok eta olmaydi va ularning grant o‘rni vakant sifatida qoladi.

Talabalar grant olish uchun oliy ta’lim muassasasining rasmiy veb-saytida onlayn ro‘yxatdan o‘tadi va o‘z yutuqlarini tasdiqlovchi hujjatlarni yuklaydi. O‘zlashtirish ko‘rsatkichi 80 ballik tizimda baholanadi, bunda GPA ko‘rsatkichi 16 ga ko‘paytirilib hisoblanadi.

Ijtimoiy faollik 20 ballik tizimda baholanadi va hisoblangan natija beshga bo‘linadi. Grant tanlovida bir xil natija qayd etgan talabalar orasida akademik o‘zlashtirish darajasi ustuvor bo‘ladi. Agar bu ko‘rsatkich ham bir xil bo‘lsa, mutaxassislik fanlaridan test sinovlari o‘tkaziladi.

Grant olmoqchi bo‘lgan talabalar ro‘yxati har yili 25-avgustga qadar oliy ta’lim muassasasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan bakalavriat sinovlari uchun test topshiriqlari soni va fanlar ro‘yxati e’lon qilingani haqida yozgandi.