Toshkentda belgilanmagan joylarga chiqindi tashlaganlarga 11 mln so‘m jarima solindi

12-mart kuni Toshkent shahar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tomonidan belgilanmagan joylarga chiqindi tashlashga qarshi reyd tadbirlari olib borildi. Bu haqda Ekologiya vazirligi xabar qildi.
Bir kun davomida poytaxtda chiqindi tashlash bilan bog‘liq 16 ta huquqbuzarlik kuzatilgan bo‘lib, ularga jami 11 million 375 ming so‘m jarima qo‘llanilgan.
Ma’lumot uchun, belgilanmagan joylarga qattiq maishiy chiqindilarni va qurilish chiqindilarini tashlagan, shuningdek, suyuq maishiy chiqindilarni to‘kkan fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravaridan 3 baravarigacha (375 ming so‘mdan 1 mln 125 ming so‘mgacha), mansabdor shaxslarga esa 10 baravaridan 20 baravarigacha (3 mln 750 ming so‘mdan 7 mln 500 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solinadi.
Agar jarimaga tortilgan fuqaro, bir yil davomida yana huquqbuzarlik sodir etsa bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha (1 mln 875 ming so‘mdan 3 mln 500 ming so‘mgacha), mansabdor shaxslarga esa 20 baravaridan 30 baravarigacha (7 mln 500 ming so‘mdan 11 mln 250 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solinadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan chiqindi xizmatlaridan qarzdorlik elektr energiyasi to‘loviga ta’sir qilishi haqida yozgandi.