
14-mart kuni AQSh Senati mamlakat hukumatining ishlashini davom ettirishga imkon beruvchi olti oyga moʻljallangan xarajatlar toʻgʻrisidagi qonun loyihasini qabul qildi.
Hujjat tasdiqlanishi uchun kerak boʻlgan 60 ta ovoz oʻrniga 62 ta ovoz bilan qabul qilindi. Uni 52 nafar respublikachi va 10 nafar demokrat senator qoʻllab-quvvatladi. Endi qonun loyihasi Kongress tasdigʻidan oʻtib, prezident Donald Tramp imzolashi lozim.
Budjet loyihasi mudofaa xarajatlarini biroz oshirish bilan birga, hukumatning ayrim dasturlarini moliyalashtirishni $13 milliard miqdorida qisqartirishni koʻzda tutadi.
AQSh Kongressining yuqori palatasida demokratlar yetakchisi Chak Shumer davlat idoralarining yopilishining oldini olish maqsadida qisqa muddatli xarajatlar toʻgʻrisidagi qonun loyihasini qoʻllab-quvvatlashga qaror qildi. Uning ta’kidlashicha, shatdaunning boshlanishi respublikachilar taklif etgan budjetni qabul qilishdan ham yomonroq boʻlardi.
Shunga qaramay demokrat senatorlarning aksariyati olti oyga moʻljallangan budjet tasdiqlanishiga qarshi ovoz berdi.
Vakillar palatasi a’zosi Aleksandriya Okasio-Kortes esa Senatdagi ovoz berish jarayoni butun partiyada «chuqur norozilik» uygʻotganini aytib, buni «katta shapaloq» deb atadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Kanada AQSh bojlari boʻyicha JSTga shikoyat qilgani haqida xabar bergan edi.