Oʻzbekiston va Rossiya JSTga a’zo boʻlish masalasida muzokaralar oʻtkazdi

eʼlon qilindi
O‘zbekiston JSTga 2026-yilda Kamerunda bo‘lib o‘tadigan konferensiyagacha qo‘shilishni rejalashtirmoqda
Oʻzbekiston va Rossiya JSTga a’zo boʻlish masalasida muzokaralar oʻtkazdi. Foto: Rossiya iqtisodiy rivojlanish vazirligi

11-mart kuni Moskvada Oʻzbekiston delegatsiyasi Rossiya bilan Jahon savdo tashkiloti (JST)ga a’zo boʻlish jarayoni doirasida muzokaralar olib bordi. Uchrashuvda bosh vazir oʻrinbosari Jamshid Xodjayev va Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov ishtirok etdi.

JSTga qoʻshilish doirasida bozorga chiqish bilan bogʻliq hal etilmagan masalalar muhokama qilindi. Prezidentning JST boʻyicha maxsus vakili Azizbek Urunovning ta’kidlashicha, muzokaralar konstruktiv va samarali oʻtgan boʻlib, tomonlar jarayonni yanada jadallashtirishga tayyor.

Shuningdek, Rossiya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlik muhokama qilindi. Reshetnikovga koʻra, prezidentlar erishgan kelishuvlar asosida Rossiya neft va gaz yetkazib berish hajmini oshirmoqda. Energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish loyihalari ham muhim yoʻnalishlardan biri sifatida belgilandi.

Eslatib o‘tamiz,  Azizbek Urunov Oʻzbekiston JSTga 2026-yilda Kamerunda boʻlib oʻtadigan 14-vazirlar konferensiyasiga qadar qoʻshilishni rejalashtirayotganini bildirgan edi. O‘zbekiston bugunga qadar 23 mamlakat bilan muzokaralar olib borgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Buyuk Britaniya Oʻzbekistonning JSTga a’zo boʻlish jarayonini toʻliq qoʻllab-quvvatlashini bildirgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek