Oʻzbekiston va Xitoy migratsiya sohasidagi hamkorlikni rivojlantiradi

Pekinda Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasida migratsiya sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
Oʻzbekiston elchisi Farhod Arziyev Xitoy jamoat xavfsizligi vazirining oʻrinbosari davlat migratsiya xizmati rahbari Syuy Ganlu bilan uchrashdi. Muloqot davomida soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda turli sohalarda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning mazmun-mohiyati haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasida barcha sohada munosabatlar jadal rivojlanib borayotgani, biznes va turizm aloqalari, ta’lim almashinuvlari tobora kengayib, fuqarolarimizning oʻzaro safarlari koʻpayib borayotgani qayd etildi.
Migratsiya masalalari boʻyicha hamkorlikning muhim yoʻnalishlari xususida fikr almashildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xitoy kompaniyasi Oʻzbekistonda ta’lim va kasbga tayyorlash markazini ochishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi.