Yangiliklar

Radarlar qayd etgan tezlikdan 10 km/soat chegirib tashlanishi kutilmoqda

Vazirlar Mahkamasi bu haqdagi qonun loyihasini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritdi
Foto: kontrastfilm019.gmail.com / depositphotos.com

Hukumat radarlar tomonidan qayd etilgan tezlikdan chegirib tashlanadigan miqdorni 5 km/soatdan 10 km/soatgacha oshirishni rejalashtirmoqda. Vazirlar Mahkamasi bu haqdagi qonun loyihasini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritdi.

Qonun loyihasiga koʻra, haydovchilarga jarima qoʻllashda radar va spidometr koʻrsatkichlaridagi ehtimoliy xatolar hisobga olinadi. Agar qonun qabul qilinsa, tezlik cheklovi 60 km/soat boʻlgan hududda ilgari 65 km/soatdan boshlab jarima solingan boʻlsa, endi bu chegara 70 km/soatga oshiriladi.

Shu bilan birga, 1-mayga qadar foto va video qayd etish axborot tizimlarini joriy etish, ishga tushirish va foydalanish bo‘yicha yagona davlat standartini ishlab chiqish kutilmoqda.

Eslatib oʻtamiz, 2023-yilda shahar hududlarida yengil avtomobillar uchun maksimal tezlik 70 km/soatdan 60 km/soatga tushirilgandi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan bu bo‘yicha bosh vazir o‘rinbosari Achilbay Ramatov topshiriq bergani haqida xabar bergan edi.