Telegram asoschisi Pavel Durov Fransiyani tark etdi

Telegram messenjeri asoschisi Pavel Durov Fransiyani tark etib, Dubayga joʻnab ketdi. Bu haqda AFP nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, tadbirkor sudning ruxsati bilan mamlakatdan uchib ketgan. Agentlikning yana bir manbasi aniqlik kiritishicha, Telegram asoschisiga faqat bir necha haftaga ketishga ruxsat berilgan.
Durov 2024-yil avgust oyida hibsga olinganidan beri Fransiyada edi. U Yevropa huquq-tartibot idoralari xodimlari bilan hamkorlik qilishdan bosh tortganlikda, firibgarlikda, bolalar pornografiyasini tarqatishda va boshqa kiberjinoyatlarda ayblangan.
Tadbirkor qoʻlga olinganidan koʻp oʻtmay, garov evaziga ozod etilgan. Unga Fransiyadan chiqib ketish taqiqlangan va haftada ikki marta politsiyaga borib roʻyxatdan oʻtib turish majburiyati yuklangan.
2025-yil fevral oyida Telegram asoschisiga qarshi ish kamida bir yildan keyin sudga kelib tushishi ma’lum boʻldi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan TON Telegramʼning eksklyuziv blokcheyn hamkoriga aylanishi haqida yozgan edi.