Maskat – Toshkent yo‘nalishida charter reyslar tashkil etilishi mumkin

O‘zbekiston va O‘mon tadbirkor ayollari biznes forumi doirasida «Felix Tour» va «Bahwan Travel Agencies» kompaniyalari o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, muzokaralar davomida yangi turpaketlar joriy etish, O‘zbekistonning ziyorat turizmi salohiyatini O‘monda targ‘ib etish kabi masalalar muhokama qilindi.
Bugun ushbu kompaniyalar o‘rtasida onlayn uchrashuv o‘tkazilib, O‘zbekistonning ichki turizmini rivojlantirish va xorijiy sayyohlarni jalb qilish bo‘yicha taqdimotni O‘mon Sultonligida namoyish etish masalasida kelishuvga erishildi.
Shuningdek, O‘monning sayyohlik kompaniyalari tomonidan O‘zbekiston yangi turpaket sifatida taklif etiladi. Sayyohlar oqimi oshgani sari Maskat – Toshkent yo‘nalishida charter reyslar tashkil qilish imkoniyati ham ko‘rib chiqilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev O‘mon sultonligi tashqi ishlar vaziri Badr bin Hamad al-Busaidiyni qabul qilgan edi.