Yevropa yadro himoyasi bo‘yicha AQSh va Rossiyadan ortda qolmoqda

AQShning Yevropa mudofaasiga bo‘lgan ishonchi zaiflasha boshlagan bir paytda, qit’a yetakchilari o‘z xavfsizligini mustahkamlash yo‘llarini izlamoqda. Bu haqda CNN axborot agentligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Yevropa davlatlari uchun yadro himoyasini kengaytirish masalasini ko‘tarib, strategik muloqotni boshlashga tayyorligini bildirdi.
Buyuk Britaniya va Fransiya uzoq yillardan beri yadro qurollariga ega bo‘lsa-da, ularning arsenali AQSh yoki Rossiya qudratiga teng emas. Biroq Fransiya va Britaniya rahbarlari o‘z ittifoqchilariga yadro soyabonini taklif qilishi mumkinligi muhokama qilinmoqda.
Polsha, Germaniya va Skandinaviya davlatlari bu tashabbusga qiziqish bildirishmoqda. Shu bilan birga, AQSh ham Yevropada o‘z yadro qurollarini saqlash va mudofaa strategiyasini mustahkamlash niyatida.
Mutaxassislarning fikricha, yadro deterrensiyasi faqat raketalar soni bilan emas, balki harbiy hamkorlik va strategik qarorlar bilan bog‘liq. Yevropa o‘z xavfsizligini mustahkamlash uchun an’anaviy va yadro qurollarini muvozanatda ushlashi kerak bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp Yevropa alkogoliga 200% boj solish bilan tahdid qilgan edi.