
BMW o‘zining ultra-eksklyuziv rodsteri – Skytop modelining sinov bosqichiga kirishdi. Bu haqda 32cars.ru nashri ma’lum qildi.
Ushbu noyob avtomobil afsonaviy Z8 ning mafkuraviy vorisi bo‘lib, premium klassdagi sport avtomobillar qatoriga kiradi. Prototip deyarli hech qanday kamuflyajsiz Alp tog‘larida sinovdan o‘tkazildi. O‘ziga xos dizaynga ega Skytop tor faralari, klassik BMW uslubidagi qo‘shaloq radiator panjarasi, ulkan ramkasiz eshiklari va ochiladigan tomi bilan ajralib turadi. Ushbu elementlar modelning cheklangan nashrdagi eksklyuziv maqomini yanada ta’kidlaydi.
BMW Skytop 8-seriya platformasida qurilgan bo‘lsa-da, uning shassisi va texnik yechimlari jiddiy qayta ishlangan. Kaput ostida 625 ot kuchiga ega dvigatel joylashgan bo‘lib, u superkarga mos keluvchi yuqori dinamikani ta’minlaydi. BMW ushbu modelni atigi 50 ta nusxada chiqarishni rejalashtirgan, bu esa uni brendning eng kamyob avtomobillaridan biriga aylantiradi.
Skytop rodsterining rasmiy debyuti 2024-yilda Villa d’Este Concours d’Elegance ko‘rgazmasida bo‘lib o‘tgan bo‘lib, u kolleksionerlar va avtomobil ixlosmandlari orasida katta qiziqish uyg‘otdi. Birinchi avtomobillar 2026-yil bahorida yetkazib berilishi rejalashtirilgan. Narx esa 500 ming yevrodan boshlanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan BMW 5-Series va i5 tez orada restaylingga uchrashi haqida xabar bergan edi.