
Apple kompaniyasining iPhone 17 Air modeli yangi tarqalgan tasvirlarda juda ingichka ko‘rinishda ekani namoyon bo‘ldi. Bu haqda texnologiya insayderi Sonny Dickson fotosuratlarni e’lon qilgani haqida The Varge nashri xabar qildi.
Bloomberg jurnalisti Mark Gurmanning yozishicha, iPhone 17 Air portlarsiz taqdim etilishi mumkin. Bunda zaryadlash tizimi simlarsiz amalga oshiriladi.
Kompaniya iPhone 17 Air’ni kelajakda to‘liq portlarsiz iPhone’ga aylantirishni rejalashtirmoqda. Ushbu modelda foydalanilgan texnologiyalar 2026-yilda chiqarilishi mumkin bo‘lgan buklanuvchi iPhone uchun ham sinovdan o‘tkazilmoqda.

Apple iPhone 17 dummy modellarida butun orqa panelni qamrab oladigan kameralar tizimini joriy qilishi mumkinligini ko‘rsatgan. Shuningdek, iPhone 17 Air juda ingichka bo‘lib, boshqa iPhone modellari uning yonida ancha qalin ko‘rinmoqda.
Gurmanning fikricha, Apple dastlab ushbu modelni 6.9 dyum qilishni rejalashtirgan, ammo «juda yupqa dizayn ekranning bukilishiga olib kelishi mumkinligi» sababli bunday variantdan voz kechilgan.

iPhone 17 Air’ning asosiy texnik xususiyatlari 5.5 mm gacha yupqalashgan korpus, yagona orqa kamera (iPhone 16E’ga o‘xshash), 120Hz ProMotion displey va Apple A19 chipi (A19 Pro emas)dan iborat. Batareya quvvati boshqa iPhone modellari bilan teng bo‘lishi kutilmoqda.
Ushbu model narxi $900 dan boshlanishi taxmin qilinmoqda. Bu hozirgi iPhone 16 Plus modeli narxiga teng. 2025-yilning kuzida Apple’ning an’anaviy tadbirida ushbu model taqdim etilishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan iPhone 16E foydalanuvchilari nima uchun shikoyat qilayotgani haqida yozgandi.