
Nissan o‘zining yangi elektr premium sedani N7 modelini Xitoydagi dilerlarga yetkazib berdi. Bu haqda CarNewsChina nashri ma’lum qildi.
Bu avtomobil may oyida rasmiy savdoga chiqarilishi rejalashtirilgan bo‘lib, 5 metr uzunligi, ilg‘or texnologiyalari va yuqori samarali elektr dvigateli bilan ajralib turadi. N7 modeli birinchi marta 2024-yilgi Guanchjou avtosalonida namoyish etilgan bo‘lib, u Dongfeng Epi 007 platformasiga asoslangan. 2024-yil martidan 2025-yil fevraligacha 29,9 ming dona Dongfeng Epi 007 sotilgani, Nissan N7 ham bozorda muvaffaqiyatga erishishi mumkinligini ko‘rsatadi.
Yangi Nissan N7’ning o‘lchamlari uzunligi 4 930 mm, kengligi 1 895 mm, balandligi 1 487 mm bo‘lib, g‘ildirak bazasi 2 915 mm tashkil etadi. Avtomobil R17 va R19 g‘ildirak variantlari bilan taqdim etiladi. Model faqat elektr uzatmali tizimga ega bo‘lib, Dongfeng tomonidan ishlab chiqarilgan dvigatelga asoslangan. Dastlabki versiyasi 160 kVt (215 ot kuchi) quvvatga ega bo‘lsa, kuchliroq versiya 200 kVt (268 ot kuchi) maksimal quvvatni taqdim etadi. Akkumulyator esa Dongfeng-Sunwoda qo‘shma korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan LFP batareyadan iborat.

Nissan N7 aerodinamika jihatdan ham ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlangan. Uning tortishish koeffitsienti atigi 0,208 Cd bo‘lib, bu avtomobilning yo‘lda yanada samarali harakatlanishini ta’minlaydi. Old qismida 710 ta interaktiv LED diodli chiroqlar joylashgan bo‘lsa, orqa yoritish tizimi 882 ta LED dioddan iborat bo‘lib, avtomobilga zamonaviy va futuristik ko‘rinish beradi. Avtomobilning kompyuter tizimi Qualcomm Snapdragon 8295P chipi orqali boshqariladi. Nissan N7, shuningdek, Dongfeng Nissan va Momenta tomonidan ishlab chiqilgan ilg‘or aqlli haydash tizimi bilan jihozlangan.
Hozircha Nissan N7’ning rasmiy narxi e’lon qilinmagan, ammo model allaqachon dilerlarga yetkazib berilgan. May oyida Xitoy bozorida sotuvga chiqarilishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan yaponlar Ilon Maskni Nissanʼga sarmoya kiritishga undayotgani haqida xabar bergan edi.