Gadjetlar

OnePlus Ace 5 seriyasi 70 kun ichida milliondan ortiq sotildi

Boshlang‘ich narxi $330dan
Foto: OnePlus

OnePlus kompaniyasi Ace 5 seriyali smartfonlari katta muvaffaqiyatga erishganini e’lon qildi. Ishlab chiqaruvchining ma’lumotlariga ko‘ra, yangi smartfonlar seriyasi debyutidan atigi 70 kun o‘tib, bir milliondan ortiq faollashtirilgan. Bu haqda gizmochina nashri ma’lum qildi.

OnePlus Ace 5 va Ace 5 Pro smartfonlari 2023-yil dekabr oyida Xitoyda taqdim etilgan. Ace 5 modeli Snapdragon 8 Gen 3 protsessori va 80 Vt tezkor quvvatlanish imkoniyatiga ega 6415 mA/soat akkumulyator bilan ta’minlangan. Ace 5 Pro esa yanada kuchli Snapdragon 8 Elite SoC protsessori va 100 Vt quvvatlanish imkoniyatiga ega 6100 mA/soat sig‘imli akkumulyator bilan jihozlangan.

Har ikkala model ham 6,78 dyuymli BOE X2 displeyga ega bo‘lib, 1,5K piksellar soni va 120 Gts yangilanish tezligi bilan ajralib turadi. Shuningdek, smartfonlar maxsus eSports Wi-Fi chipi bilan jihozlangan bo‘lib, bu ularga onlayn o‘yinlarda maksimal tezlik va barqaror ulanishni ta’minlaydi. Kameralar tizimi esa 50 megapikselli (Sony IMX906) asosiy kamera, 8 megapikselli ultra keng burchakli sensor va 2 megapikselli makro modullardan iborat. Selfi va videoqo‘ng‘iroqlar uchun esa 16 megapikselli old kamera o‘rnatilgan.

OnePlus Ace 5 Pro unumdorligi bo‘yicha eng yuqori natijalarga erishib, AnTuTu benchmark reytingida birinchi o‘rinni egalladi. Xitoy bozorida OnePlus Ace 5 ning boshlang‘ich narxi $330dan belgilangan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan OnePlus Watch 3 taqdimoti «Meda in China» xatosi tufayli kechiktirilgani haqida xabar bergan edi.