
«Toshkent» respublika fond birjasida (RFB) joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 7-martdan 14-martgacha boʻlgan davrda turli dinamikani koʻrsatdi.
Mazkur haftada UCI fond indeksi 0,083 foizga oshdi. Eng katta oʻsishga erishgan kompaniyalar qatoridan «Dori-darmon» (+17,05%), «Oʻzbektelekom» (+9,25%) va «Uzbekinvest» (+4,64%) joy oldi.
Aksiyalari haftani salbiy natija bilan yakunlagan kompaniyalar orasida esa «OʻzRTXB» (-11,13%), «Ipoteka-bank» (-3,48%), «Aloqabank» (-5,13%) va «Uzavto Motors» (-4,17%) yetakchilik qildi.

Bitimlar soni boʻyicha «OʻzRTXB» (1,1 mingta), «Chilonzor buyum savdo kompleksi» (336 ta) va «Ipak yoʻli bank» (327 ta) peshqadam boʻldi. Hajm boʻyicha esa «Universal bank» (394 mln soʻm), «OʻzRTXB» (224 mln soʻm) va «Chilonzor buyum savdo kompleksi» (128 mln soʻm) yuqori uchlikni egalladi.
22 ta yuqori likvidli aksiyadan 11 tasi haftani ijobiy, bittasi oʻzgarishsiz, qolgan 10 tasi esa salbiy natija bilan yakunladi. Shu davrda fond birjasidagi umumiy savdo hajmi avvalgi haftaga nisbatan 16 foizga pasayib, 12,08 milliard soʻm boʻldi. Birja savdolari soni esa 47,5 foizga kamayib, 5,4 mingtani tashkil etdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Ipak yoʻli bank» aksiyalari 25 foizga oshgani haqida xabar bergan edi.