Yangiliklar

O‘zbekiston prezidenti AQSh Kongressi delegatsiyasini qabul qildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-mart kuni AQSh Kongressi a’zosi, O‘zbekiston bilan hamkorlik bo‘yicha parlament ishtirokchisi Kerol Miller boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Parlament a’zosi davlatimiz rahbariga AQSh prezidenti, Kongress rahbariyati va O‘zbekiston bo‘yicha kokus a’zolarining salomi va tilaklarini yetkazdi. Ikki tomonlama munosabatlarning so‘nggi yillardagi rivoji alohida ta’kidlandi. Siyosiy muloqotlar faollashib, idoralararo almashinuvlar kengaymoqda. Savdo va investitsiya hajmi bir necha barobar ortib, biznes kooperatsiyasi mustahkamlanmoqda.

Ta’lim sohasidagi hamkorlik doirasida Toshkentda Vebster universiteti va Amerika texnologiya universiteti muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari, transport, bojxona, migratsiya va madaniyat sohalarida ham o‘zaro manfaatli hamkorlik kengaymoqda.

Kerol Miller O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, parlament institutlarini mustahkamlash va gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholadi. Shuningdek, tog‘-kon sanoati, energetika va qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda iqtisodiy va investitsiyaviy loyihalarni ilgari surishda parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston hududlarining AQSh shtatlari bilan hamkorligini yo‘lga qo‘yish zarurligi qayd etildi. Shuningdek, mintaqaviy masalalar, jumladan, Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev Donald Trampga hamdardlik bildirgani haqida xabar bergan edi.