Yangiliklar

Tramp Putin bilan yangi muloqot sanasini ma’lum qildi

Suhbat 18-mart kuni amalga oshiriladi
tramp va putin
Tramp Putin bilan yangi muloqot sanasini aytdi / Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp 18-mart kuni rossiyalik hamkasbi Vladimir Putin bilan yangi suhbat oʻtkazishini aytdi. Bu haqda Reuters xabar qilmoqda.

«Men prezident Putin bilan seshanba kuni gaplashaman. Dam olish kunlarida juda koʻp ishlar amalga oshirildi», – dedi Amerika rahbari.

Tramp muzokaralar chog‘ida urushni tugatish imkoniyati mavjudligini aniqlash niyatida ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi vaziyat mojaroni hal etish uchun juda qulay imkoniyat yaratmoqda.

Shuningdek, AQSh prezidenti Putin bilan muzokaralar chogʻida hududlar va atom elektr stansiyalari ustidan nazorat masalasi koʻtarilishini ma’lum qildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya va Ukraina oʻrtasida sulhga erishish boʻyicha muzokaralar boshlanganini tasdiqlagani haqida yozgan edi.