
Angliya Premyer-ligasida o‘ynayotgan O‘zbekiston terma jamoasi va «Manchester Siti» futbolchisi Abduqodir Husanovning transfer narxi keskin oshdi.
Yangilangan reytingga ko‘ra, uning qiymati 35 million yevroga yetib, avvalgi 12 million yevrodan qariyb uch baravarga oshdi.
Qishda Angliyaga ko‘chib o‘tgan himoyachi shu vaqtga qadar «Manchester Siti» tarkibida sakkizta uchrashuvda maydonga tushib, 1 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Fevral oyida esa u «shaharliklar»ning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.

Husanov shu tariqa O‘zbekiston terma jamoasi tarixidagi eng qimmat futbolchiga aylandi. Avvalgi rekord Eldor Shomurodovga tegishli bo‘lib, u 2021-yilda «Jenoa»dan «Roma»ga o‘tganida 14 million yevroga baholangan edi.
Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekistonning ayni damdagi eng qimmat 11 nafar futbolchisi haqida maqola tayyorlagan edi.