«Gazprom» 2024-yilni 1 trln rubldan ortiq zarar bilan yakunladi

eʼlon qilindi
Bu kompaniyaning so‘nggi 25 yildagi eng yomon chorak natijasi bo‘ldi
Gazprom
«Gazprom» 2024-yilni 1 trln rubldan ortiq zarar bilan yakunladi / Foto: Gazprom

Rossiyaning yirik energetika kompaniyasi «Gazprom» 2024-yil yakunlariga ko‘ra 1,076 trln rubl zarar ko‘rgan. Bu haqda kompaniyaning Rossiya buxgalteriya standartlari (RSBU) bo‘yicha e’lon qilingan moliyaviy hisobotida qayd etilgan.

O‘tgan yili kompaniya 696 mlrd rubl foyda ko‘rgani hisobga olinsa, bu natija jiddiy yo‘qotish hisoblanadi. Mutaxassislarning fikricha, zarar asosan «Gazprom Neft» aksiyalarining bozor qiymati 852 mlrd rublga tushib ketgani hamda 2025-yildan boshlab foyda solig‘i stavkasining 25 foizga oshirilishi bilan bog‘liq bo‘lgan 444 mlrd rubl miqdoridagi qo‘shimcha xarajatlar bilan izohlanadi.

Xususan, kompaniya 2024-yilning to‘rtinchi choragida 767,2 mlrd rubl sof zarar ko‘rgan. Bu «Gazprom» uchun so‘nggi 25 yildagi eng yomon chorak natijasi bo‘ldi.

Shu bilan birga, «Gazprom»ning daromadi 2024-yilda 11,3 foizga o‘sib, 6,257 trln rublga yetgan. Kompaniyaning yalpi foydasi 13,6 foizga o‘sib, 1,44 trln rublni tashkil etdi. Biroq soliq to‘lovlaridan oldingi zarar 976,56 mlrd rublni tashkil qildi, holbuki 2023-yilda bu ko‘rsatkich 784,59 mlrd rubl foyda bo‘lgan.

Kompaniyaning debitorlik qarzi 2,84 trln rublga yetib, kredit qarzi esa 1,474 trln rublga oshgan.

«Gazprom» xalqaro moliyaviy hisobot standartlari (IFRS) bo‘yicha ham 2023-yilda 629,1 mlrd rubl sof zarar qayd etgandi. Bu oxirgi 25 yildagi birinchi marta kuzatilgan zarar bo‘lgan. Kompaniya rahbariyati foyda kamayishiga gaz eksporti hajmining qisqarishi va soliqlar oshgani sabab bo‘lganini ta’kidlagan.

Shunga qaramay «Gazprom» 2024-yil oxirida 1,524 trln rubl miqdoridagi investitsiya dasturini tasdiqladi. 2025-yilda ham kompaniya gazni ichki va tashqi bozorga yetkazib berish hamda Rossiya hududlarini gazlashtirish bo‘yicha muhim loyihalarni moliyalashtirishni davom ettirishni rejalashtirmoqda.

Avvalroq «Kursiv» «Gazprom» va Qozog‘iston O‘zbekistonga gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolagani haqida yozgandi.

Eslatib o‘tamiz, 2024-yilning avgust oyi oxirida «Gazprom» rahbari Aleksey Miller Rossiya konserni Markaziy Osiyo mamlakatlariga, shu jumladan, O‘zbekistonga gaz yetkazib berishni ko‘paytirganini ma’lum qilgandi.

Shuningdek