
Navro‘z bayrami munosabati bilan o‘zbekistonliklar ketma-ket uch kun – juma, shanba va yakshanba kunlari dam oladi. Bu davrda mamlakat bo‘ylab sayohat qilish, boy madaniy meros va tabiiy go‘zalliklarni kashf etish uchun ajoyib imkoniyatdir. Quyida Navro‘z bayramida tashrif buyurishingiz mumkin bo‘lgan O‘zbekistonning yettita maskani, ularga qanday yetib borish va taxminiy xarajatlar haqida ma’lumot beramiz. Agar boshqacha ko‘rsatilmagan bo‘lsa, barcha narxlar O‘zbekiston fuqarolari uchun bir kishi hisobidan belgilangan. Chet el fuqarolari uchun narxlar yuqoriroq bo‘lishi mumkin.
Bu maqolada quyidagi joylar haqida ma’lumot olasiz:
- Paltov daryosi vodiysi
- Qonbeshbuloq ko’li
- Buxoro Arki
- Registon
- Sarmishsoy
- Xudoyorxon saroyi
- Ichan qal’a
Paltov daryosi vodiysi
Paltov daryosi vodiysi Toshkentdan 100 km uzoqlikda joylashgan bo‘lib, bu yer qadimdan temir rudasi qazib olinadigan hudud sifatida mashhur. Sayyohlar odatda 38 metrlik Paltov sharsharasidan yo‘lga chiqib, undan yuqoridagi qayinzorda noyob o‘simlik va hayvonlarni kuzatishadi. Paltov vodiysining hayratlanarli manzaralari esa tabiat va vaqtning qudratini his qilishga imkon yaratadi. Shuningdek, bu hududda Obi-Rahmat g‘ori joylashgan bo‘lib, u yerda qadimiy insonlarning izlari topilgan. Ayniqsa, bahorda vodiy lolalarga burkanganida, bu maskanga kelish unutilmas taassurot qoldiradi. Bu yerda shu nomdagi sharshara ham joylashgan.
Bu maskanga borish uchun eng maqbul yo’l bu taksi orqali borishdir. Toshkent markazidan taksi xizmatlari orqali besh kishi umumiy 250-300 ming so’mga yetib olsa bo’ladi. Bu yerda ovqatlanish sharoitini o’zingiz tashkil etishingiz kerak bo’ladi.

Qonbeshbuloq ko’li
Surxondaryo viloyatining Xamkan traktida joylashgan Qonbeshbuloq ko‘li olimlar orasida qizg‘in bahslarga sabab bo‘layotgan tabiiy yodgorliklardan biridir. Ba’zi tadqiqotchilar bu suv ombori meteorit qulashi natijasida shakllangan deb hisoblashadi. Ushbu nazariyaga ko‘ra, osmondan tushgan ulkan meteorit natijasida chuqur krater hosil bo‘lgan va vaqt o‘tishi bilan suv bilan to‘ldirilgan.
Bu versiyani tasdiqlovchi dalillar sifatida tuproqda va daryo qumlarida kosmik kelib chiqishi mumkin bo‘lgan shishasimon tanalar va parchalar topilgani ta’kidlanadi. Biroq, hozirgacha bu hudud yetarlicha o‘rganilmagan, shuning uchun Qonbeshbuloq ko‘li hanuzgacha o‘z sirlarini yashirib kelmoqda.
Sirli va noma’lum narsalarni sevuvchilar uchun Qonbeshbuloq haqiqatan ham noyob kashfiyotdir.Toshkentdan taxminan 700-800 ming so’m oralig’ida Termizga bilet sotib olib sayohatingizni boshlashingiz mumkin. Keyin esa ko’lgacha Boysun orqali 100 ming so’mga yetib olasiz. Avtobus bilan esa Darbandga qadar 120 ming so’mga yetib olish mumkin. Avtobusda Boysunga to’g’ridan to’g’ri qatnov mavjud emas.
Ko’lga yaqin hudud ya’ni Boysunda mehmonxonaga joylashish mumkin. Kursiv Uzbekistan muxbiri u yerdagi narxlar bilan tanishdi. Mehmonxonalarda o’rtacha 200-300 ming so’mga bir kunga xona band qila olasiz. Bir kishilik va oilaviy xonalar mavjud.
Boysunga borib tandir go‘shtidan tatib ko’rishingiz kerak, albatta. Kunlik ovqat xarajatlaringiz uchun taxminan tumandagi kafelarda 300 mingga qadar mablag‘ sarflaysiz.

Buxoro Arki
Buxoro Arki – nafaqat tarixiy yodgorlik, balki afsonalar bilan o‘ralgan noyob inshoot. Rivoyatlarga ko‘ra, uni fors shahzodasi Siyovush qurdirgan bo‘lib, aqlli hiylasi bilan kichik hududda mustahkam qal’a bunyod etgan. Asrlar davomida Ark Buxoro hukmdorlarining qarorgohi bo‘lib xizmat qilgan va ko‘plab vayronaliklardan so‘ng XVI asrda Shayboniylar davrida hozirgi shaklini olgan. 20 metr balandlikdagi bu ulkan istehkom 4,2 gektar maydonni egallab, qadimiy Sharqning sehrli muhitini bugungi kungacha saqlab kelmoqda.
Toshkent shahridan Buxoroga 350-800 ming so’mga aviachipta sotib olib yetib olsangiz bo’ladi. Keyin esa Ark qa’lasigacha 25 ming so’mga taksi buyurtma qilishingiz mumkin.
Buxoro shahriga qadar siz Toshkentdan avtobus biletini 165 ming so’mga xarid qilishingiz mumkin. Shaharda bir qator shinam mehmonxonalar joylashgan. Bir kunga o’rtacha to’lov qobilyatingizga qarab 150 mingdan 700 ming so’mga qadar bir kishilik va oilaviy xonalarda yashashingiz mumkin. Mazkur tarixiy shaharga tashrif buyurib g’ijduvoncha kaboblardan tanovull qilmasangiz bo’lmaydi. Shahardagi kafe va restoranlarda bir kunga ovqatlanish uchun taxminan 250 ming so’m pulni sarflashingiz kerak bo’ladi.
Majmuaga kirish narxi 30 ming so‘m. Gid xizmati uchun $50 to’lashingiz kerak bo’ladi (bir guruh uchun).

Samarqand
Samarqandning yuragi bo‘lgan Registon maydoni O‘rta Osiyo shaharsozlik san’atining noyob namunalaridan biridir. Uning nomi «qum maydoni» ma’nosini anglatadi va o‘rta asrlarda Movarounnahr shaharlaridagi markaziy maydonlar shunday atalgan. Dastlab, Amir Temur davrida savdo markazi sifatida xizmat qilgan bu maydon, Ulug‘bek davrida rasmiy marosimlar o‘tkaziladigan ulug‘vor maskanga aylangan. Bugungi kunda Registon uch buyuk madrasa – Ulug‘bek, Sherdor va Tillakori madrasalari bilan sayyohlarni o‘ziga maftun etadi.
Toshkentdan Samarqandga havo orqali 350-600 mingga yetib borish mumkin. Registonga esa 35-40 ming so’mga taksi buyurtma qilsangiz bo’ladi.
Kursiv Uzbekistan Samarqandning tarixiy maskanlarini kashf etishga mo‘ljallangan bir kunlik ekskursiya haqida gidlardan ma’lumot oldi. Dasturlardan biri quyidagicha:
- Goʻri Amir maqbarasi – bu muhim tarixiy yodgorlikda buyuk sarkarda Amir Temur va uning avlodlari dafn etilgan.
- Registon maydoni – Samarqandning eng go‘zal va tarixiy maydonlaridan biri bo‘lib, undagi madrasalar sharq me’morchiligining durdonalaridan sanaladi.
- Tushlik va dam olish – mahalliy oshxonada an’anaviy taomlardan bahramand bo‘lish va qisqa tanaffus uchun vaqt ajratiladi.
- Bibixonim masjidi – XV asrda qurilgan bu ulug‘vor me’moriy yodgorlik nafaqat o‘ziga xos me’morchiligi, balki boy tarixi bilan ham e’tiborga loyiq.
- Sharq bozori «Siab» – bu yerdan mahalliy mahsulotlar va an’anaviy hunarmandchilik buyumlarini xarid qilish imkoniyati mavjud.
- Shohi Zinda majmuasi – islom olamidagi eng yirik nekropollardan biri bo‘lib, bu yerda ko‘plab maqbaralar joylashgan. Eng mashhur maqbaralardan biri Qusam ibn Abbosga tegishli bo‘lib, u Payg‘ambar Muhammad (s.a.v.)ning jiyanlaridan biri hisoblanadi. Rivoyatlarga ko‘ra, u Islomni Samarqandga olib kelgan sahobalardan bo‘lib, bu yerda shahid bo‘lgan. Majmua, shuningdek, Temuriylar sulolasi vakillari va boshqa tarixiy shaxslarning maqbaralarini ham o‘z ichiga oladi.
Ekskursiya davomida sizni qiziqarli ma’lumotlar bilan ta’minlashadi va umumiy davomiyligi taxminan 4 soatni tashkil etadi. Kirish chiptalari va tushlik xarajatlari mijoz tomonidan to’lanishi alohida aytib o’tildi.
To‘liq dastur narxi 4 kishilik oila uchun $70. Manzillarga kirish narxlari quyidagicha:
Goʻri Amir, Shohi Zinda, Bibixonim va Aziz Doniyor maqbaralarini (yana ziyorat qilish mumkin bo‘lgan joy) ziyorat qilish narxi – 10 ming so‘m, Konigil qog‘oz fabrikasi va Registon majmuasiga kirish esa 15 ming so‘m.
Shaharda mehmonxonalar narxi boshqa joylarga qaraganda nisabatan qimmatroq. 250 mingdan 2,5 mlnga qadar yetadi. Ovqatlanish uchun o’rtacha 300 – 500 ming so’m xarajat qilishingiz kerak (to’rt kishilik oila uchun).

Sarmishsoy
Navoiy viloyatidagi Sarmishsoy darasi o‘zining 10 ming yillik sirli petrogliflari bilan ajablantiradi. Bu yerda joylashgan 5 mingdan ortiq qoyatosh rasmlari insonlarning hayoti, ov sahnalari va turli hayvonlarni tasvirlaydi. Qadimiy san’at namunalarida tog‘ echkisi, arxar, bizon, yovvoyi ot, sher va hatto yo‘qolib ketgan turlar aks etgan. O‘yma naqshlar orasida arab yozuvlari ham uchraydi.
Toshkentdan Navoiy shahriga avtobuslar mavjud. Yo‘l davomiyligi 6 – 7 soat. Chipta narxlari 80–120 ming so‘m. Navoiydan Sarmishsoy darasiga taksi orqali 1 soatda 30 ming so’m bilan yetib borish mumkin.
Shaharda mehmonxonada tunash uchun 90–250 ming so‘m to‘lash kerak. Ovqatlanish esa oldindan rejalashtirilishi lozim, chunki hududda kafe yoki restoranlar mavjud emas.

Xudoyorxon saroyi
Qo‘qon shahrining asosiy diqqatga sazovor joylaridan biri – Xudoyorxon saroyi, xalq orasida «Qo‘qon O‘rda» nomi bilan mashhur. 1871-yilda Xudoyorxon tomonidan qurilgan bu ulug‘vor inshoot xonlik qudratini namoyon etish uchun avvalgi saroylardan kattaroq va hashamatliroq bo‘lishi lozim edi. Saroy dastlab 138×65 metr hajmda bo‘lib, 119 ta xonadan iborat edi. Uning qurilishida Qo‘qon va Rishtonning eng mohir ustalari ishtirok etgan. Xon saroyi muhtasham ganch o‘ymakorligi, rang-barang bezaklari va nafis keramika naqshlari bilan ajralib turardi.
Qo‘qon xonligi Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olingandan so‘ng, Xudoyorxon Toshkentga jo‘natildi, saroy esa talon-toroj qilindi. Bugungi kunga kelib faqat 2 hovli va 19 xona saqlanib qolgan. Xonning qimmatbaho taxti Ermitaj muzeyida saqlanmoqda, ammo saroy hanuz mahobatli qiyofasi bilan tarixning guvohi sifatida turibdi.
Toshkentdan Qo’qonga ichki reyslar mavjud. Parvoz davomiyligi taxminan 1 soat. Chipta narxlari 300-400 ming so‘m.
Toshkentdan Qo‘qonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri poyezdlar mavjud. Yo‘l davomiyligi 4 – 5 soat. Chipta narxlari 100-200 ming so‘m.
Saroyga kirish mahalliy turistlar uchun bepul. Xalqaro turistlar esa taxminan $5 to’lashi kerak bo’ladi. Qo’qon shahridagi mehmonxonalarning narxi o’rtacha bir kishiga 250-800 mingga qadar yetadi. Bu shaharga sayohat qilib achchiq oshdan yeb ko’rishingizni ko’pchilik mahalliy insonlar tavsiya qilishi aniq. Ovqatlanish uchun hamyoningizga kunlik 200 ming so’mni tayyorlab qo’yishingiz kerak.

Ichan qal’a
O‘rta Osiyoning eng yirik va noyob me’moriy yodgorliklaridan biri – Ichan qal’a, Xivaning ichki shahristoni hisoblanadi. U shaharning tashqi qismi – Dishan qal’adan mustahkam devor bilan ajratilgan bo‘lib, to‘rt darvozaga ega: Bog‘cha darvoza, Polvon darvoza, Tosh darvoza va Ota darvoza.
To‘g‘ri to‘rtburchak shaklda qurilgan Ichan qal’aning uzunligi 650 metr, eni esa 400 metr bo‘lib, 26 gektar maydonni egallaydi. Devorining balandligi 7–8 metr, poydevori esa 5–6 metr qalinlikda. Bu qadimiy majmua Xorazm xalq me’morligining eng go‘zal namunalari – madrasalar, masjidlar, saroylar va minoralarni o‘z ichiga oladi.
1961-yilda muzeyga aylantirilgan Ichan qal’a 1990-yilda YuNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Bugungi kunda u Xivaning tarixiy ruhi saqlanib qolgan noyob maskanlardan biri bo‘lib, ko‘hna Sharq madaniyati va me’morchiligining betakror durdonasi sifatida ajralib turadi.
Toshkentdan Urganch shahriga (Xivaga yaqin) ichki reyslar mavjud. Parvoz davomiyligi taxminan 1,5 soat. Chipta narxlari 800 — 1 mln soʻm. Urganchdan Xivaga taksi yoki avtobus orqali 30 daqiqada yetib borish mumkin. Taksida 25-30 ming, avtobusda 10 ming soʻm mablagʻ sarflaysiz. Xivaga borib u yerda mashhur taom ijjonni ham tatib koʻrishni xohlab qolasiz. Kunlik ovqatlanishga 150-200 ming soʻm xarajatni tayyorlab qoʻyavering.
Toshkentdan Xivaga qadar yetib borishingiz uchun 350 – 1,1 mln so’mni alohida olib qo’yishingiz kerak. Shahardagi mehmonxonalarda tunash narxi 150–600 ming so‘m orasida.
