O‘zbekiston va Qozog‘iston rahbarlari bir-birini Navro‘z bayrami bilan tabrikladi

18-mart kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev telefon orqali muloqot o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Ikkala davlat rahbarlari yaqinlashib kelayotgan Navro‘z bayrami munosabati bilan bir-birlarini qutlab, O‘zbekiston va Qozog‘iston xalqlariga tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladilar.
Suhbat davomida O‘zbekiston – Qozog‘iston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Xususan, savdo, sanoat kooperatsiyasi, transport, energetika va qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar muhim ekani qayd etildi.
Ikki davlat hududlarida o‘tayotgan madaniy-gumanitar tadbirlar yuqori baholandi.
Prezidentlar bo‘lajak oliy va yuqori darajadagi tadbirlar rejasini, shu jumladan, «Markaziy Osiyo plyus» shaklidagi sammitlarga tayyorgarlik masalalarini muhokama qildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev BAA rahbarini tavallud kuni bilan qutlagani haqida yozgandi.