
O‘zbekistonning Yevroosiyo taraqqiyot banki (YTB)ni ta’sis etish haqidagi bitimga qo‘shilishi to‘g‘risidagi qonun ko‘rib chiqildi. Bu haqda Senatning beshinchi yalpi majlisida ma’lum qilindi.
Ta’kidlanishicha, bitimning asosiy maqsadi investitsiya faoliyati orqali unga qo‘shilgan ishtirokchi davlatlarning iqtisodiy o‘sishiga va ular o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga ko‘maklashishdir.
Mazkur hujjatga ko‘ra, ushbu bank o‘z faoliyatini xalqaro shartnomalar, xalqaro huquq, umumeʼtirof etilgan bank faoliyati tamoyillari va meʼyorlariga muvofiq amalga oshirishi, shuningdek, bank nizomi ushbu bitimga ilova qilingan holda tasdiqlanishi nazarda tutilgan.
Shuningdek, nizomda YTB faoliyati, maqsad va vazifalari, funksiyalari, imtiyozlari, ustav kapitali va unga obuna bo‘lish shartlari hamda bank boshqaruviga oid tartib-qoidalar belgilangan.
O‘zbekistonning bankka qo‘shilishi uning faoliyatida to‘liq ishtirok etish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va Yevroosiyo hududida integratsiya jarayonlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan YTB Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish uchun $600 mln ajratishi haqida xabar bergan edi.