Qozogʻistonda qolib ketgan 10 nafar voyaga yetmagan bola Oʻzbekistonga qaytariladi

Qozogʻistonda qolib ketgan 10 nafar voyaga yetmagan bola Oʻzbekistonga qaytariladi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 17-mart kuni Oʻzbekiston Ichki ishlar va Sogʻliqni saqlash vazirliklari xodimlari xorijda ota-ona qaramogʻisiz qolgan bolalarni Oʻzbekistonga qaytarish maqsadida xizmat safari bilan Qozogʻistonga joʻnab ketdi.
Tashrif davomida Ota-ona qaramogʻisiz qolgan 10 nafar, xususan, Atirau shahrida 1 nafar, Olmaota shahrida 8 nafar va Mangʻistau shahrida 1 nafar bolalar davlat yordamiga muhtoj boʻlib, ishchi guruh vakillari tomonidan ularni oʻz oilalari bagʻriga qaytarish rejalashtirilgan.
Bunda agentlik tasarrufidagi «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi qaytarilayotgan bolalarning oilaviy muhitga qaytishi uchun barcha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2025-yildan yolgʻiz ota yoki onaga bolalar bogʻchasi uchun moddiy yordam berilishi haqida xabar bergan edi.