Qozog‘istonda «Lazgi. Muhabbat va qalb raqsi» baleti namoyish etildi

17-mart kuni Abay nomidagi Qozog‘iston milliy opera va balet teatri sahnasida O‘zbekistonning qadimiy san’ati – lazgi raqsi namoyish etildi. Bu haqda Saida Mirziyoyeva Telegram kanalida xabar berdi.
Ushbu madaniy tadbir san’atni keng targ‘ib qilish bilan birga, qardosh xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va birodarlik rishtalarini mustahkamlashga xizmat qildi.

«Biz prezidentimiz tomonidan boshlab berilgan yaxshi qo‘shnichilik an’analariga sodiq qolgan holda, Markaziy Osiyo davlatlari bilan iqtisodiy, siyosiy va, albatta, madaniy sohalarda hamkorlikni kuchaytirishga o‘z hissamizni qo‘shishni maqsad qilganmiz», – dedi Mirziyoyeva xabarda.
Shuningdek, 27-mart kuni bu raqs spektakl «Astana Opera» sahnasida qayta namoyish etiladi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekiston va Qozog‘iston rahbarlari bir-birini Navro‘z bayrami bilan tabriklagani haqida yozgandi.