
11-martdan buyon «Tashabbusli budjet» loyihasining joriy yilgi 1-mavsumi doirasida ovoz berish bosqichi davom etmoqda. Bunda majburiy ovoz berish holatlari kuzatilgan loyihalar jarayondan chetlashtirilishi haqida Iqtisodiyot va moliya vazirligi ogohlantirish berdi.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyatining Quva tumanidagi 37-maktabda o‘qituvchilar oyligidan ovoz berish uchun 700 ming so‘mdan ushlab qolinayotgani haqida xabar berilgandi.
Ushbu holat yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilganda mazkur maktab xodimlari majburiy ovoz berishga jalb qilingani tasdiqlandi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi ushbu maktabni ovoz berish bosqichidan chetlatish uchun tuman xalq deputatlari Kengashiga taqdimnoma yuborgan.
Ma’lumot uchun, agar ovoz to‘plash jarayonida majburiy holatlar kuzatilsa Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining 71 200-06-00 ishonch raqamiga murojaat qilish mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Tashabbusli budjet» jarayonida firibgarlik holatlari kuzatilgani haqida yozgandi.