Tramp va Putin Ukraina urushini to‘xtatish masalasida muzokara o‘tkazdi

Bugun AQSh prezidenti Donald Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina urushini to‘xtatish va tinchlik o‘rnatish zarurati haqida muzokara olib bordi. Bu haqda Oq uy matbuot kotibi Karoline Leavit o‘z X tarmog‘ida ma’lum qildi.
Ikkala yetakchi ham mojaro barqaror tinchlik bilan yakunlanishi kerakligini ta’kidlab, urushga sarflanayotgan resurslar o‘z xalqlarining ehtiyojlariga yo‘naltirilishi lozimligini qayd etdi.
Liderlar tinchlik yo‘lida dastlab infratuzilma va energetika sohalarida sulhga erishish, Qora dengiz hududida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha texnik muzokaralar o‘tkazishga kelishib oldi. Ushbu muzokaralar Yaqin Sharqda boshlanishi rejalashtirilmoqda.
Muzokaralar davomida rahbarlar Yaqin Sharqni kelajakdagi mojarolarning oldini olish uchun strategik hamkorlik mintaqasi sifatida ko‘rib chiqdi. Shuningdek, strategik qurollarning tarqalishini oldini olish va global xavfsizlikni ta’minlash muhimligi ta’kidlandi. Putin va Tramp Eron hech qachon Isroilga tahdid soladigan darajaga yetmasligi kerak degan fikrda hamfikr bo‘lishdi.
Ushbu uchrashuvda AQSh va Rossiya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning kelajagi ham muhokama qilindi. Yetakchilar tinchlik o‘rnatilgach, yirik iqtisodiy kelishuvlar va geosiyosiy barqarorlik yo‘lga qo‘yilishi mumkinligini qayd etdilar.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tramp Putin bilan yangi muloqot sanasini ma’lum qilgani haqida xabar bergan edi.