Yangi zaryadlash texnologiyasi sabab BYD aksiyalari 6 foizgacha oshdi

Xitoyning BYD kompaniyasi elektromobillarni benzinli avtomobillarga yonilgʻi quyish tezligida zaryadlash imkonini beruvchi yangi texnologiyani e’lon qilganidan soʻng kompaniya aksiyalari 6 foizga oshdi.
Gonkong birjasida BYD aksiyalari seshanba kuni 52 haftalik eng yuqori koʻrsatkichga yetdi va 6 foizdan koʻproqqa oʻsdi. Keyinchalik biroz pasaygan boʻlsa-da, yil davomida 51 foizga oshgani qayd etildi. Shu bilan birga, Shenzhen fond birjasida kompaniya aksiyalari 2 foizga koʻtarildi.
Kompaniya yangi Super e-Platforma texnologiyasini taqdim etdi. U maksimal 1000 kilovatt quvvat bilan zaryadlanish imkonini beradi. Taqdim qilingan ma’lumotga koʻra, bu texnologiyadan foydalangan avtomobillar atigi 5 daqiqa ichida 400 kilometr masofani bosib oʻtish uchun yetarli energiya olishi mumkin .
Taqqoslash uchun, Teslaʼning soʻnggi superquvvatlagichlari maksimal 500 kilovatt quvvat bilan 15 daqiqada 270 kilometrgacha masofani ta’minlaydi. Mercedes-Benz esa yaqinda oʻzining elektr CLA modelining 10 daqiqada 325 kilometr zaryad olishini e’lon qilgan edi.
BYD prezidenti Van Chuanfuning ta’kidlashicha, yangi texnologiyani taqdim etishdan maqsad zaryadlash jarayonini benzinli avtomobillarga yonilgʻi quyish tezligiga yaqinlashtirishdir.
Mutaxassislarning fikricha, ushbu innovatsiya elektromobillarni ommalashtirishga toʻsqinlik qiluvchi asosiy muammolardan biri – batareya quvvati va zaryadlash vaqti boʻyicha tashvishlarni kamaytirishga yordam beradi. BYDʼning bu innovatsiyasi elektromobil bozorida raqobatni yanada keskinlashtirishi kutilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, BYD Song dunyoning eng koʻp sotilgan yengil avtomobillar roʻyxatiga kirdi. Reytingda Tesla Model Y, Toyota RAV4, Honda CR-V va Hyundai Tucson yetakchilik qilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan kompaniya yanvar oyida 300 mingdan ortiq avtomobillar sotib, eksportni rekord darajaga yetkazgani haqida xabar bergan edi.