2025-yilda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun $10 milliard ajratiladi – Shavkat Mirziyoyev

eʼlon qilindi
Kichik biznesga 300 mln so‘mgacha kredit berish boshlandi
Shavkat Mirziyoyev, kichik va o'rta biznes
2025-yilda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun $10 milliard ajratiladi – Shavkat Mirziyoyev / Foto: Prezident matbuot xizmati

Bugun, 19-mart kuni prezident kichik va o‘rta biznes vakillari bilan uchrashuv o‘tkazib, 2025-yil uchun maqsad va vazifalarni belgiladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Unga ko‘ra, bu yilda sohani rivojlantirish uchun $10 mlrd ajratiladi. Kichik va o‘rta biznesning iqtisodiyotdagi ulushini 55 foizga yetkazish hamda $70 mlrd qo‘shilgan qiymat yaratish maqsad qilingan. Kichik biznes eksporti esa $9 mlrddan $12 mlrdga oshiriladi.

Ichimlik suvi, yo‘l, qurilish, migratsiya, madaniyat va xizmat ko‘rsatish sohalarida kichik biznes ulushi 2-3 baravarga oshiriladi. 1,5 mln doimiy ish o‘rni yaratilib, sohaga jalb qilingan aholi ulushi 75 foizga yetkaziladi.

Shuningdek, 100 nafardan ortiq ishchilari bo‘lgan korxonalar soni to‘rt mingtaga yetkaziladi. Kichik biznesda 100 ta yangi brend mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilib, 200 ta startap loyihalar moliyalashtiriladi.

Davlat tomonidan kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun transport, sertifikat va standartlash bo‘yicha ko‘mak ko‘rsatadi.

«Bu yil kichik va o‘rta biznesga 120 trln so‘m resurs beriladi. Buncha katta mablag‘ ilgari hech qachon bo‘lmagan», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Aholini tadbirkorlikka jalb qilish uchun 22 trln so‘m imtiyozli resurs ajratilib, shundan 2,5 trln so‘m yoshlarga, 2,5 trln so‘m esa ayollar tadbirkorligi loyihalariga yo‘naltiriladi. Ayol tadbirkorlarga kredit stavkasi 2 foiz arzonroq bo‘ladi.

Shu bilan birga, kichik biznesga 300 mln so‘mgacha kredit berish boshlandi, yiriklashayotgan tadbirkorlarga esa 150 mln so‘m garovsiz kredit ajratiladi. Oilaviy tadbirkorlik uchun 50 mln so‘mgacha garovsiz kredit berish yo‘lga qo‘yiladi. Oldingi kreditidan qarzi bo‘lmagan tadbirkorlarga yangi imtiyozli kredit olish imkoniyati yaratiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan prezident ichimlik suvi, issiqlik ta’minoti va qishloq xo‘jaligiga oid muhim vazifalarni belgilagani haqida yozgandi.

Shuningdek