Yangiliklar

Ayrim tadbirkorlarga 10 ming kvadrat metrgacha bo‘lgan obyektlar besh yilga bepul ijaraga beriladi

«Uzagro-star» xolding kompaniyasi tashkil qilinadi
Shavkat Mirziyoyev
Ayrim tadbirkorlarga 10 ming kvadrat metrgacha bo‘lgan obyektlar besh yilga bepul ijaraga beriladi / Foto: Prezident matbuot xizmati

Yuqori texnologiyali mahsulot ishlab chiqaruvchilarga 10 ming kvadrat metrgacha bo‘lgan davlat obyektlari 5 yilga bepul ijaraga beriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida kichik va o‘rta biznes sohasi vakillari bilan o‘tkazilayotgan uchrashuvda ma’lum qilindi.

15 ta tuman va shaharda davlat idoralari markaziy binolarga ko‘chirilib, yangi binolarning 1-2-qavatlari tadbirkorlar uchun sotuvga qo‘yiladi. Davlat idoralaridan bo‘shaydigan 150 ta bino esa auksionga chiqariladi.

So‘nggi uch yilda ish boshlagan 250 mingta yangi korxonaning kengayishi uchun yer va bino ajratish tizimi soddalashtiriladi.

«Hokimlar yerlarni tanlashda, eng avvalo, kengayish istagida yurgan, loyihasi tayyor tadbirkorlar so‘ragan joylarni auksionga chiqarishi zarur», – dedi davlat rahbari.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Toshkent va vodiy viloyatlarida 5,2 ming gektar yer 49 yilga ijaraga berila boshlandi. Tadbirkorlarga ekin ekish va saqlash, saralash, qadoqlash imkoniyati yaratiladi.

Yil oxirigacha yana 30 ming gektar yer yangi tizim asosida savdoga chiqariladi. «Uzagro-star» xolding kompaniyasi tashkil qilinib, to‘qqizta bank ko‘magida meva-sabzavotchilik bo‘yicha 16 ta kompaniya ochildi. Har bir viloyatda meva-sabzavotni qayta ishlash uchun agrosanoat komplekslari qurilib, loyihaga dastlabki bosqichda 200 mlrd so‘m ajratildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2025-yilda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun $10 milliard ajratilishi haqida yozgandi.