Ekologlar uchun yangi unvon ta’sis etildi

Bugun, 19-mart kuni «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan ekolog» faxriy unvonini ta’sis etish bo‘yicha qonun qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Bu faxriy unvon ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida ulkan hissa qo‘shgan, tabiatni asrab-avaylash, biologik xilma-xillikni saqlash, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni qayta tiklash borasida xizmat qilgan ekofaollarga beriladi.
Shuningdek, ekologik jihatdan toza va innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqishda hamda amaliyotga joriy etishda, yashil hududlarni kengaytirishda va ko‘kalamzorlashtirish ishlarida alohida tashabbus ko‘rsatganlar ham inobatga oladi.
Shu bilan birga, aholining ekologik madaniyatini oshirish, yosh avlodni tabiatga hurmat ruhida tarbiyalash hamda tizimda yuqori malakali kadrlarni tayyorlash borasida fidokorona mehnat qilayotgan mutaxassis-xodimlarga va sohaning boshqa vakillariga, mazkur yo‘nalishda jamoatchilik nazoratini amalga oshirayotgan ekofaollarga unvonga tavsiya etiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi» esdalik yubiley medali ta’sis etilgani haqida yozgandi.