Farg‘onada Hyundai uchun mutaxassis tayyorlash markazi ochildi

Farg‘ona shahrida Janubiy Koreyaning Ulsan shahriga malakali mutaxassislarni tayyorlash markazi yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda viloyat matbuot xizmati xabar qildi.
Markazda o‘zbekistonliklar Janubiy Koreyada, xususan, Hyundai kemasozlik kompaniyasida ishlash uchun uch oylik kasb va til kurslarida o‘qitiladi. Bitiruvchilarga Ulsan shahar hokimligi tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri ishchi viza beriladi.
Bu mexanizm Koreyaga ishchi kuchini yetkazib beruvchi jahondagi 17 ta davlat orasida birinchi marotaba faqat O‘zbekiston uchun joriy etildi.

Dastlabki bosqichda 202 nafar nomzod saralashdan o‘tib, 105 kishi o‘quv jarayonini boshladi. Ushbu loyiha migratsiya sohasida hamkorlikni kengaytirish va O‘zbekiston fuqarolariga yangi ish imkoniyatlari yaratishga qaratilgan.
Bu markaz Farg‘onadagi KOICA kasb-hunarga o‘qitish markazida joylashgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Urganchda yoshlar texnoparki ochilgani haqida yozgandi.