
2025-yil fevral oyida oʻrtacha yurgan Chevrolet Cobalt narxi 2,4 foizga tushdi. Ikkilamchi bozordagi narxlar haqidagi ma’lumotlar Makroiqtisodiyot va hududiy tadqiqotlar instituti (IMRS) tomonidan taqdim etildi.
Kam masofaga yurgan Cobalt’ning narxi bir oy ichida 1,2 foizga pastlab, $12 mingni tashkil etdi.
Mahalliy avtomobillar orasida eng yirik narx tushish Damasʼda sodir boʻldi. Bir oy ichida oʻrta masofaga yurgan model oʻz qiymatining 3,6 foizini yoʻqotgan va $7 mingga baholangan. Kam masofa yurgan Damas modelining narxi $8 mingni tashkil etgan.
Ikkilamchi bozorda boshqa mahalliy avtomobillar orasida faqat Chevrolet Equinox krossoveri narxi sezilarli darajada oshdi. Ishlatilgan avtomobilning oʻrtacha narxi 3,2 foizga yuqorilab, $32 mingga yetdi.
Import qilingan ikkilamchi elektromobillar narxi ham pasaygan. Oʻrtacha kilometr masofani bosib oʻtgan BYD Han’ning narxi eng koʻp pasayib (bir oyda 4,4 foizga), $32 mingga sotilgan.
Kursiv Uzbekistan nashri foydalanilgan Chevrolet Cobaltʼning asosiy muammolari haqida yozgan edi.