O‘zbekiston va Fransiya atom energetika sohasida hamkorlik qiladi

eʼlon qilindi
O‘zbekiston 2035-yilgacha AES qurishni rejalashtirmoqda
atom elektr stansiyasi
O‘zbekiston va Fransiya: yashirin energetik o‘yinlar ortidagi strategik kelishuvlar / Foto: DALL-E

Shavkat Mirziyoyevning Parijga tashrifi doirasida Fransiya bilan yadro energetikasi, uran qazib olish va qayta tiklanadigan energiya sohasidagi hamkorlikka kelishib olindi. Bu haqda agentlik direktori Azim Ahmedxo‘jayev Fransiyaning «Le Figaro» nashriga ma’lum qilgan.

Fransiya, ayniqsa, Nigerdagi uran qazib olish inqirozidan keyin O‘zbekistonning ushbu sohadagi imkoniyatlariga katta qiziqish bildirmoqda. Shu bilan birga, O‘zbekiston ham energiya manbalarini diversifikatsiya qilish maqsadida yadro energetikasiga sarmoya kiritish yo‘lida turli hamkorlik variantlarini ko‘rib chiqmoqda.

Energetika sohasida hamkorlik chuqurlashmoqda

O‘zbekiston gaz zaxiralari kamayib borayotgani sababli qayta tiklanadigan energiya manbalarini kengaytirishga harakat qilmoqda. Shu jumladan, EDF tomonidan ikkita yirik gaz turbinali elektr stansiyasi barpo etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu loyiha 1 mlrd yevro miqdorida investitsiyani o‘z ichiga oladi. Shu bilan birga, TotalEnergies va Voltalia O‘zbekistonda quyosh energiyasiga asoslangan loyihalarni amalga oshirmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston 2035-yilgacha AES qurishni rejalashtirmoqda. Biroq loyiha ortida geosiyosiy raqobat kuchaymoqda. Rossiya asosiy operator sifatida o‘zini ko‘rmoqda, biroq O‘zbekiston siyosiy va moliyaviy jihatdan diversifikatsiya qilishni istaydi. Shu sababli, Framatome, Bureau Veritas va Assystem kabi fransuz kompaniyalari bilan muzokaralar olib borilmoqda.

Bu borada «Uzatom» direktori Azim Axmedxodjayev fransuz kompaniyalari bilan olib borilayotgan muzokaralar haqida quyidagicha izoh berdi:

«Fransiya bu sohada bizga eng yaxshi texnologik va muhandislik yechimlarini taqdim etishi mumkin. Biz bir nechta fransuz kompaniyalari, jumladan, Assystem bilan texnik hamkorlik, Bureau Veritas bilan mutaxassislar tayyorlash hamda Framatome bilan AES boshqaruvini optimallashtirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqdamiz.»

Uran qazib olish: Fransiyaning manfaatlari

O‘zbekiston dunyoning beshinchi yirik uran ishlab chiqaruvchisi bo‘lib, 2022-yilda jahon uran qazib olishning 7 foizini ta’minlagan. Mamlakat 2030-yilgacha ishlab chiqarish hajmini 4000 tonnadan 7000 tonnagacha oshirishni rejalashtirmoqda.

2019-yilda Orano va O‘zbekiston davlat kompaniyasi Navoiyuran hamkorligida Nurlikum Mining qo‘shma korxonasi tashkil etilgan bo‘lib, u Djelgendi konidagi uran qazib olish loyihasini rivojlantirish ustida ishlamoqda. O‘tgan yili Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Samarqandga tashrifi chog‘ida ushbu loyihani qo‘llab-quvvatlashini bildirgan edi.

Ilm-fan va ta’lim sohasidagi hamkorlik

Energetika sohasidagi texnologik hamkorlikni kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston va Fransiya kelgusi yilda fransuz-o‘zbek universitetini ochish rejasini e’lon qildi. Bu oliy o‘quv yurti yadro energetikasi, muhandislik va innovatsion texnologiyalar bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga yo‘naltirilgan bo‘ladi.

Bu haqda O‘zbekiston energetika vaziri Jurabek Mirzamahmudov shunday fikr bildirgan:

«Fransiya kompaniyalari faqat investor sifatida emas, balki bizning texnologik hamkorlarimiz sifatida ham juda muhim. Ular bizga zamonaviy yadro texnologiyalarini olib kelish bilan birga, yosh mutaxassislar tayyorlashda ham yordam berishmoqda. Bu esa uzoq muddatli hamkorlik uchun mustahkam poydevor yaratadi».

Avvalroq Kursiv Uzbekistan prezident energiya ehtiyojlarini ta’minlash uchun atom energetikasidan foydalanish bo‘yicha topshiriq bergani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek