Chilonzor metro yo‘nalishi TTZgacha uzaytiriladi

Chilonzor metro yo‘nalishida Toshkent traktor zavodi(TTZ) dahasigacha 10 ta yangi bekat qurilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda bugun, 20-mart kuni Shavkat Mirziyoyev poytaxtda amalga oshirilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish jarayonida ma’lum bo‘ldi.

Unga ko‘ra, Toshkent metropolitenining Chilonzor metro yo‘nalishi Toshkent traktor zavodigacha uzaytirilishi rejalashtirilgan. Yangi tarmoq 10 ta bekatdan iborat bo‘lib, 30 ta mahalla va 148 ming aholiga xizmat qiladi.
Shuningdek, Yunusobod tumanida yangi qurilgan High Town City majmuasi hududida 24 qavatli, besh yulduzli mehmonxona barpo etilishi rejalashtirilgan. 250 ta xonadan iborat mehmonxona bir vaqtning o‘zida 430 kishiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, yirik konferensiya zallari, suzish havzalari va zamonaviy restoranlar faoliyat yuritadi.

Bundan tashqari, 1 500 ta xonadondan iborat 28 ta ko‘p qavatli turarjoy majmuasi qurilishi rejalashtirilmoqda. Bu hudud bolalar bog‘chasi, o‘yin maydonchalari, tennis korti va yerosti avtoturargohi bilan jihozlanadi.
Shu bilan birga, Bektemir tumanida Chirchiq daryosi yaqinida ham zamonaviy turarjoylar, savdo va xizmat ko‘rsatish binolari barpo etilishi ko‘zda tutilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent metrosiga uchta yangi poyezd olib kelingani haqida yozgandi.