MB narxlar barqarorligini ta’minlash uchun asosiy stavkani 0,5 foiz bandga oshirdi

Bugun, 20-mart kuni Markaziy bank asosiy stavkani 0,5 foiz bandga oshirib, yillik 14 foiz darajasida belgilash toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Bu haqda regulyatorning matbuot xizmati xabar berdi.
«Ushbu qaror kelgusi oylarda kutilayotgan inflyatsion xatarlarni inobatga olib, inflyatsion kutilmalarni jilovlash, o‘rta muddatli istiqbolda inflyatsiya darajasini 5 foizlik targetga erishish uchun yetarli sharoitlar yaratishga qaratilgan», – deyiladi Markaziy bank xabarida.
Markaziy bank o‘rta muddatli istiqbolda inflyatsiyaning 5 foizlik maqsadli darajasigacha pasayishini ta’minlash uchun pul-kredit sharoitlarini yetarli darajada qat’iy shakllantirishni davom ettirishini ma’lum qildi. Kelgusi choraklarda iqtisodiyotdagi yalpi talab va narxlarga oshiruvchi bosimlar kutilganidan kuchayishi ehtimoli yuzaga kelgan taqdirda, pul-kredit sharoitlarining qat’iyligi qayta ko‘rib chiqiladi.
2025-yil boshidan umumiy inflyatsiya darajasida biroz oʻsish kuzatilib, fevral oyi yakunlari boʻyicha yillik 10,1 foizni tashkil etdi.
Ushbu dinamika ayrim tovar va xizmatlar narxlarining oʻsishi hisobiga yuzaga keldi. Xususan, yoqilgʻi narxlari, kommunal, transport, ta’lim va tibbiy xizmatlar tariflari oshishi inflyatsion kutilmalarga ham oshiruvchi ta’sir koʻrsatdi va fevral oyida aholining inflyatsion kutilmalari 15,3 foizga, tadbirkorlik subyektlarining kutilmalari esa 13,8 foizga teng boʻldi.
Yil boshidan asosiy savdo hamkorlar valyutalarining mustahkamlanishi ta’sirida real samarali almashuv kursi pasayish tendensiyasini namoyon etib, oʻzining oʻrta muddatli trendiga yaqinlashmoqda.
«Yuqoridagi omillarni hisobga olgan holda, Markaziy bank boshqaruvi oʻrta muddatli istiqbolda narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida asosiy stavkani 0,5 foiz bandga oshirib, yillik 14 foiz darajasida belgilash toʻgʻrisida qaror qabul qildi», – deyiladi MB xabarida.
Navbatdagi asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha yig‘ilishi 2025-yil 24-aprel kuniga belgilangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 23-yanvar kuni asosiy stavka yillik 13,5 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirilgani haqida xabar bergan edi.