
Bangkokda Mitsubishi X-Force krossoverining gibrid versiyasi rasman taqdim etildi. Bu haqda Avtonovosti nashri ma’lum qildi.
Avval faqat benzinli dvigatel bilan taqdim etilgan model endi 1,6 litrli ichki yonuv dvigateli, elektr dvigatel va tortish akkumulyatoridan iborat 85 kVt (116 ot kuchi) quvvatga ega parallel gibrid tizim (HEV) bilan jihozlandi.

Mitsubishi X-Force HEV uchta haydash rejimini qo‘llab-quvvatlaydi: to‘liq elektr, gibrid va rekuperatsiya rejimi. O‘rtacha yoqilg‘i sarfi atigi 4,1 l/100 kmni tashkil qiladi. Krossover faqat old g‘ildirak bilan harakatlanadi va 183 mm lik klirensga ega. Active Yaw Control (AYC) tizimi esa haydovchi g‘ildiraklari orasidagi tortishni nazorat qilish orqali avtomobilning barqarorligini oshiradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Mitsubishi Outlander yangilangan dizayn va ilg‘or texnologiyalar bilan sotuvga chiqarilgani haqida xabar bergan edi.