Toshkentdagi birinchi jamoatchilik yashil parki qanday bo‘ladi

19-mart kuni Toshkentdagi birinchi istirohat bogʻida 300 tup daraxt koʻchatlari ekish tadbiri boʻlib oʻtdi. Bu haqda Ekologiya vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov yangi dam olish maskani qanday boʻlishi haqida ma’lum qilgan.
“Birinchidan, hududda hech qanday attraksion yoki oziq-ovqat shoxobchalari boʻlmaydi, shovqindan xoli parkka aylantiriladi. Ikkinchidan, ilk bor 100 turdagi atirgul ekilmoqda va oʻziga xos atirgul bogʻi barpo qilinyapti. Uchinchidan, parkda tabiiy koʻl yaratiladi. Toʻrtinchidan, qushlar uchun inlar quriladi. Beshinchidan, jamoat parkining hamma yoʻlaklari toshlardan, oʻrindiqlari esa qurigan daraxtlardan, ya’ni toʻliq tabiiy materiallardan qilinadi“, – degan Aziz Abduhakimov.
Uning ta’kidlashicha, jamoat parkiga kirish mutlaqo bepul va istagan kishi hordiq chiqarishi mumkin boʻladi. Bogʻni yaratishda Yevropa va Yaponiya tajribasidan foydalaniladi.
Xiyobonda 1200 tupdan ortiq daraxtlar va 23 000 tup buta ekiladi. Uning maydoni 7,5 gektarni tashkil etadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Anhor bogʻida Navroʻz bayramida 40 qozon sumalak pishirilishi haqida yozgan edi.