Donald Tramp Shavkat Mirziyoyevni Navro‘z bilan tabrikladi

AQSh prezidenti Donald Tramp O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Navro‘z bayrami munosabati bilan tabrik yo‘lladi.
Tabrikda AQSh xalqi nomidan O‘zbekiston xalqiga tinchlik, farovonlik va yangilanish tilaklari bildirildi.
«Mamlakatlarimiz o‘rtasida mustahkam rishtalar o‘rnatilayotganini yuksak qadrlayman va Sizning izchil islohotlar dasturingizni olqishlayman. Savdo aloqalarimizni kengaytirish va zamonamizning eng yirik muammolarini hal etish yo‘lida hamkorlik qilishni intiqlik bilan kutaman», – deyiladi maktubda.
Tramp, shuningdek, AQSh O‘zbekistonning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini doimo qo‘llab-quvvatlashga sodiq ekanini ta’kidladi.
AQSh rahbari prezident Mirziyoyev va O‘zbekiston xalqiga Navro‘z bayrami munosabati bilan ezgu tilaklarini bildirdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Rossiya prezidenti O‘zbekiston rahbarini Navro‘z bilan tabriklagani haqida xabar bergan edi.