Toshkent aeroportida yangi yuk terminali ochildi

Toshkent xalqaro aeroportida yuk tashish hajmini sezilarli oshirish imkonini beradigan yangi yuk terminali ishga tushirildi. Bu haqda Uzbekistan Airports ma’lum qildi.
Yiliga 120 ming tonna yuk tashish quvvatiga ega kompleks 5,2 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, uch qavatli ma’muriy bino, turli tovarlar uchun omborxona hamda yengil va yuk mashinalari uchun to‘xtash joyini o‘z ichiga oladi.
Yangi omborxona 8500 kvadrat metr maydonga ega bo‘lib, harorat rejimi talab qiladigan yuklar uchun 500 kvadrat metrlik sovitish va muzlatish kameralari bilan jihozlangan. Bu yerda o‘simlik va tirik hayvonlar, qimmatbaho yuklar, oziq-ovqat mahsulotlari hamda dori-darmonlarni saqlash uchun maxsus xonalar tashkil etilgan.
«1994 – 2000-yillarda qurilgan yuk terminalining quvvati yiliga 30 ming tonnani tashkil etgan bo‘lsa, 2024-yilda Toshkent aeroporti qariyb 80 ming tonna yuk va pochta jo‘natmalarini qabul qilgan. Mazkur o‘sish yangi terminalga ehtiyoj tug‘dirdi. Bugundan boshlab eski terminaldan yangi terminalga bosqichma-bosqich ko‘chish boshlandi», – deya ma’lum qildi «Uzbekistan Airports Cargo» vakillari.
Yangi omborxona faoliyati uchun yuk saqlash stelajlari, yuk ko‘tarish va tashish uskunalari, qadoqlash texnikasi hamda avtomatlashtirilgan hisob-kitob va xavfsizlik tizimlari jahonning yetakchi ishlab chiqaruvchilaridan xarid qilindi. Bu yuklarni qayta ishlash vaqtini qisqartirib, xalqaro standartlarga muvofiq xizmat ko‘rsatish imkonini beradi.
Shuningdek, uch ming kvadrat metrlik uch qavatli ma’muriy bino qurilib, u yerda UzCargo xodimlari, bojxona, veterinariya, o‘simliklar karantini xizmatlari, import-eksport kompaniyalari vakillari va yuk qabul qiluvchilar joylashadi. Terminal hududida katta avtoturargoh ham barpo etildi.
UzCargo («Uzbekistan Airports Cargo» MChJ) 2022-yil 1-noyabrda tashkil etilgan bo‘lib, Toshkent aeroportida yuklarni qayta ishlash, ortish-tushirish va transport hujjatlarini rasmiylashtirish xizmatlarini ko‘rsatadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Andijon aeroporti rekonstruksiyadan keyin birinchi texnik reysni qabul qilgani haqida xabar bergan edi.