Xitrou aeroporti elektr ta’minotidagi uzilishlar tufayli kun bo‘yi yopiladi

Xitrou aeroporti yaqinidagi elektr podstansiyasida yuz bergan yong‘in sababli 21-mart kuni soat 23:59 gacha yopiq qoladi. Ushbu yong‘in aeroport elektr ta’minotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatib, minglab yo‘lovchilarning rejalashtirilgan parvozlariga putur yetkazdi.Bu haqda BBC nashri ma’lum qildi.
Aeroport ma’muriyati bayonotida, yo‘lovchilar xavfsizligi ta’minlanishi uchun aeroport vaqtincha yopilganini bildirdi va fuqarolardan qo‘shimcha ma’lumot olish uchun aviakompaniyalari bilan bog‘lanishlarini so‘radi. Xitrou vakili elektr ta’minotining qachon tiklanishi borasida aniq ma’lumot yo‘qligini ta’kidlab, aeroport xodimlari muammoni hal qilish uchun harakat qilayotganini qo‘shimcha qildi.
London g‘arbidagi Xeys podstansiyasida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida 16,3 mingdan ortiq xonadonlar elektr ta’minotisiz qoldi, 150 ga yaqin odamlar evakuatsiya qilindi. London o‘t o‘chirish brigadasi (LFB) voqea joyiga 10 ta yong‘in mashinasi va 70 ga yaqin o‘t o‘chiruvchilar yuborilganini ma’lum qildi. Yong‘in sabablarini aniqlash ishlari davom etmoqda.
Shuningdek, hududda tutun zichligi oshgani sababli aholiga eshik va derazalarni yopish tavsiya etildi. Mahalliy energiya yetkazib beruvchi Shotlandiya va Janubiy elektr tarmoqlari X kompaniyasi keng ko‘lamli elektr uzilishlari kuzatilayotganini bildirdi.
Xitrou aeroporti Buyuk Britaniyaning eng yirik havo bandargohi bo‘lib, kuniga 1300 ga yaqin reyslarni amalga oshiradi. O‘tgan yili ushbu aeroport orqali rekord darajadagi 83,9 mln yo‘lovchi o‘tgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Andijon aeroporti rekonstruksiyadan keyin birinchi texnik reysni qabul qilgani haqida xabar bergan edi.