Agat Credit yillik 29 foiz daromadlilik bilan obligatsiyalar savdosini boshlaydi

24-martdan Agat Credit mikromoliya tashkiloti 40 mlrd so‘mlik birinchi obligatsiyalarini savdoga chiqaradi. Bu haqda Toshkent fond birjasi xabar berdi.
Obligatsiyalar fond birjasining kotirovka ro‘yxatiga ACMT1B tikeri bilan kiritiladi. Ushbu jarayon 11-martda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
Kompaniya har birining nominal qiymati 100 ming so‘mlik 400 mingta obligatsiya chiqaradi. Obligatsiyalarning yillik daromadlilik stavkasi 29 foizni tashkil etadi.
Markaziy bankning milliy valyutadagi bank depozitlari bo‘yicha fevral oyi stavkalari 22,1 foizni tashkil qilgan. Unga ko‘ra, Agat Creditʼning 29% obligatsiyalari bilan 7 foiz ko‘proq daromad olish mumkin.
Ma’lumot uchun, Agat Credit 2016-yilda tashkil etilgan bo‘lib, 2024-yilgacha Microfin nomi bilan faoliyat yuritgan. Bugungi kunda kompaniyaning 23 ta filiali mavjud bo‘lib, shulardan sakkiztasi Toshkentda joylashgan. Kompaniyaning ustav kapitali 77,44 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda seriyali obligatsiyalar chiqarilishi haqida yozgandi.