
Markaziy bank 2025-yil fevral oyi yakunlari bo‘yicha tijorat banklarining muammoli kreditlari (NPL) hajmini e’lon qildi.
1-mart holatiga ko‘ra, muammoli kreditlar umumiy miqdori 24 trln 348 mlrd so‘mga yetgan. Bu ko‘rsatkich 1-fevral bilan solishtirilganda 580 mlrd so‘mga ko‘paygan. Jami kreditlardagi NPL ulushi esa 4,5 foizni tashkil etgan.
Muammoli kreditlarning asosiy qismi davlat ulushi mavjud banklarga to‘g‘ri kelmoqda. Ularning jami qarzi 17 trln so‘mdan ortiqni tashkil qilgan bo‘lsa, xususiy banklarda bu ko‘rsatkich 7,3 trln so‘mga yetgan.
Davlat banklari orasida qaytarilmayotgan kredit qarzdorligi eng yuqori bank «O‘zmilliybank» 4 trln so‘m bilan yetakchilik qilgan. Ammo bankning jami kreditlardagi NPL ulushi 3,7%. Shuningdek, «Biznesni rivojlantirish banki»da 2 trln so‘m (9 %), «Mikrokreditbank»da 1,2 trln so‘m (6,9%) va «Agrobank»da 2,8 trln so‘mga (4,7%) yetgan.
Xususiy banklarda kredit portfeli 169 trln so‘mga oshgan bo‘lsa, NPL miqdori ham 7,3 trlnga ko‘tarilib, kredit portfelidagi umumiy ulushning 4,3 fozini egallagan. Muammoli kreditlar ko‘rsatkichi Ipoteka bankida 3,8 trln (portfeldagi ulushi 11%) so‘m kuzatilgan. Qolgan banklarda, jumladan, «Kapitalbank»da 1,5 trln so‘m (4,9%), «Hamkorbank»da 286 mlrd so‘m (1,5%), «Ipak yo‘li bank»da 222 mlrd so‘m (1,6%) va «Trastbank»da 197 mlrd so‘mni (3,4%) tashkil etgan.
Boshqa banklarda kredit portfelida muammoli kreditlar ulushi yuqori banklar esa quyidagilar:
— «Garant bank» – 21,7%;
— «AVO bank» – 12,9%.
— «Madad invest bank» – 11%;
Ma’lumot uchun, muammoli kredit (NPL) deb to‘lov muddati 90 kundan oshgan va qaytarilmayotgan kreditlarga aytiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan yanvar oyida banklarida NLP hajmi bir oyda 2,6 trln so‘mga oshgani haqida yozgandi.