Haydovchilarga jarima ballari haqida ma’lumot beruvchi «E-jarimaball» moduli ishga tushadi

eʼlon qilindi
Qaror 1-maydan e’tiboran kuchga kiradi
O'zAvtoyo‘l davlat qo'mitasi binosi
Haydovchilarga jarima ballari haqida ma’lumot beruvchi «E-jarimaball» moduli ishga tushadi / Foto: Ahmad Muhammadov / Kursiv Uzbekistan

Yo‘l harakati qoidabuzarliklarini jarima ballari asosida baholash tizimini joriy etish bo‘yicha hukumat qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Yangi tizim haydovchilarni baholashni yanada avtomatlashtirish va ma’muriy jazolarni samarali tarzda amalga oshirishga qaratilgan. Jarima ballari tizimi faqat Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan rasmiylashtirilgan ma’muriy bayonnomalar asosida hisoblanadi. Haydovchilar jarima ballarini «E-jarimaball» moduli orqali avtomatik ravishda tekshirib borishlari mumkin.

Loyihaga ko‘ra, agar haydovchi bir yil davomida yo‘l harakati qoidalarini buzmasa, keyingi davrda birinchi marta sodir etilgan huquqbuzarlik uchun jarima ballari hisoblanmaydi. Shuningdek, agar oxirgi huquqbuzarlikdan so‘ng olti oy davomida yangi qoidabuzarlik sodir etilmasa, umumiy jarima ballaridan ikki ball kamaytiriladi.

Agar haydovchilarning jarima ballari umumiy ikki balldan kam bo‘lsa, barcha ballar ayriladi va ular qaytadan hisoblanadi.

Shu bilan birga, maxsus avtomatlashtirilgan foto va video tizimi joriy etilganidan so‘ng haydovchilarning shaxsiga aniqlik kiritilib, qayd etilgan qoidabuzarliklar uchun jarima ballari avtomatik ravishda hisoblanadi.

Jarima ballari tizimi 1-maygacha ishlab chiqilishi belgilangan. Haydovchilar o‘zlarining jarima ballari haqida ma’lumotni «E-jarimaball» moduli, maxsus mobil ilova yoki Yagona portal orqali olishlari mumkin. Ular to‘plagan har bir balli haqida SMS-xabar orqali ogohlantiriladi.

Jarima ballari asosida transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxslar uchun elektron ma’lumotlar bazasi joriy etiladi. Ushbu qaror 1-maydan e’tiboran kuchga kiradi.

Jarima ballari qanday hisoblanadi

  • Nosoz yoki ruxsatnomasiz qayta jihozlangan transport vositalarini boshqarish — 0,5 ball;
  • foydalanish taqiqlangan yoki davlat raqami bo‘lmagan avtomobillarni boshqarish — 1 ball;
  • oynalar tusini o‘zgartirish yoki ko‘rishni cheklaydigan qo‘shimcha narsalar o‘rnatish (ruxsatnoma berilgan transport vositalari mustasno) — 0,5 ball;
  • ma’muriy jazodan keyin, xuddi shunday huquqbuzarlik bir yil ichida takror sodir etilsa — 1 ball;
  • sababsiz signal chalish, belgilanmagan tovush chiqaruvchi va yorituvchi qurilmalarni o‘rnatish — 0,5 ball;
  • tezlikni soatiga 20 kilometrgacha oshirish — 0,5 ball;
  • tezlikni soatiga 20 km.dan 40 km.gacha oshirish — 1 ball;
  • tezlikni soatiga 40 km.dan 60 km.gacha oshirish — 1,5 ball;
  • tezlikni soatiga 60 km.dan ortiqqa oshirish — 2 ball;
  • svetoforning taqiqlovchi signali yoki yo‘l harakatini tartibga soluvchining taqiqlovchi ishorasiga bo‘ysunmaslik — 1 ball;
  • tezkor va maxsus xizmatlarning to‘siqsiz o‘tib ketishiga xalaqit berish — 0,5 ball;
  • yo‘lning qarama-qarshi tomoniga chiqish, fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash uchun boshqa choralarni ko‘rishga majbur qiluvchi huquqbuzarlik — 2 ball;
  • to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzish — 0,3 ball;
  • odam tashish qoidalarini buzish — 0,5 ball;
  • Ichki ishlar organlarining hamrohligisiz odam tashish — 0,5 ball;
  • quvib o‘tish qoidalarini buzish — 1,5 ball;
  • avariya holatini keltirib chiqaruvchi guruh bo‘lib harakat qilish — 2 ball;
  • temir yo‘lning o‘tish joylaridan o‘tish qoidalarini buzish — 1 ball;
  • YTH qatnashchilarining hodisa joyidan ketib qolishi — 2 ball.

Yangi tizim bo‘yicha fikr-mulohazalar 4-aprelgacha qabul qilinadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan avtobus yo‘laklaridagi qoidabuzarliklar uchun jarima miqdori ma’lum bo‘lgani haqida yozgandi.

Shuningdek